«ArMI—2022»: Vakillarimizdan dastlabki oltin medallar

0
2118

“ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida Qoʻqon shahri mezbonlik qilgan “Yoʻl patruli” musobaqasi ham oʻz yakuniga yetdi. 4 kun davom etgan ushbu musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasining harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar baxs olib borishdi. Jami 2 ta bosqich 6 ta shart boʻyicha oʻzaro kuch sinashgan jamoalar, “individual poyga”, “texnik tanaffus”, “ekstremal toʻxtash”, “parallel parkovka”, “kontravariya”, “harbiy estafeta” kabi shartlarni bajargan holda oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini amalda namoyon qildilar.

Mazkur musobaqa davomida birorta shartlarda ustunlikni boy bermagan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa yakuniy natijalar boʻyicha musobaqa gʻolibi deb topildi. Ushbu musobaqa davomida barcha shartlarda faol ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi jamoasi ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, uchinchi oʻringa bir yoʻla ikki davlat vakillari Belarussiya Respublikasi hamda Eron Islom Respublikasi jamoalari loyiq deb topildi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozim, ushbu musobaqada yurtimiz vakillaridan katta leytenant Jamoliddin Egamberdiyev hamda kichik serjant Muzaffar Toʻlaboyevlar “Eng yaxshi texnik yordamchi” nominatsiyasi boʻyicha taqdirlangan boʻlsa, 3 darajali serjant Siddiq Aʼzamov “Ekstremal haydovchi” hamda “Universal mutaxassis” nominatsiyalari boʻyicha tengsiz deya eʼtirof etildi.

Shu yilning 21-avgust, kechki soat 19:00 da esa hunarmandlar shahri boʻlmish Qoʻqonda xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilayotgan “Yoʻl patruli” musobaqasining tantanali yopilish marosimi oʻtkazildi. Unda mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev, ishtirokchi davlatlar masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

Marosimda soʻzga chiqqanlar musobaqa qiziqarli, qizgʻin baxslarga boy tarzda oʻtganini taʼkidlab, barcha shartlarda oʻzining mahoratini koʻrsatgan qatnashchilarga minnatdorchilik bildirdi. Shundan soʻng, sahnaga musobaqada gʻolib va sovrindor deya topilgan jamoalar birin-ketin taklif etildi. Musobaqada uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasi jamoasi aʼzolariga bronza, ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Rossiya Federatsiyasi jamoasiga kumush medallari topshirilgan boʻlsa, musobaqaning mutlaq gʻolibi deya topilgan Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi aʼzolari oltin medallari bilan taqdirlanishdi. 

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti