“ArMI—2022”: “Qurolsoz usta”dagi harbiylarimiz yana rekord natijalarni qayd etdi

0
1043

Forish poligoni joriy yilda Xalqaro armiya oʻyinlarining “Qurolsoz usta” musobaqasiga mezbonlik qilayotgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Musobaqaning asosiy sharti oldidan ishtirokchilar xatti-harakatlarini, baholashdagi shaffoflikni kuzatish maqsadida poligon hududiga mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev tashrif buyurdi.

Vazir oʻrinbosari harbiy xizmatchilar bir kun oldin oʻtkazilgan suhbatda raqiblarni ortda qoldirish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlarni eslatib, ularni butun Oʻzbekiston ahli kuzatib borayotganini taʼkidladi, ishtirokchilarni ruhlantirib, ularda gʻalaba boʻlgan ishonchni yanada kuchaytirdi.

Musobaqaning uchinchi bosqichida Oʻzbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi jamoalari “BM-21 MK” reaktiv artilleriya qurilmasini taʼmirlash boʻyicha mahorat va tajribalarini namoyish qildilar.

Dastlab 4 nafardan iborat harbiy xizmatchilar reaktiv artilleriya qurilmasining 10 dona yuqori yoʻnaltiruvchi paketlarini 108 dona qismlarga ajratish va yigʻish, qurilmadagi nosozliklarni aniqlash va taʼmirlash, qurilmaning oʻng oʻrta gʻildigagini zaxira gʻildirakka almashtirish, 10 dona 122 millimetrli oʻq-dorilar bilan oʻqlash va belgilangan yoʻnalishda otish mashgʻulotini bajardilar.

Musobaqa natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi 9 daqiqayu 13 soniya natija bilan birinchi, Rossiya Federatsiyasi jamoasi esa 13 daqiqa 46 soniya natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi.

Shu orqali terma jamoamiz 2021-yil Eron Islom Respublikasida oʻrnatilgan 11 daqiqa 10 soniya rekordni 1 daqiqa 57 soniyaga yangiladi.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunga qadar “Qurolsoz usta” termasi uchta bosqichdagi musobaqada ham birinchi oʻrinni egallab, beshta rekord oʻrnatishga muvaffaq boʻldi.

Kapitan Aziz Norqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti