“ArMI—2022”: O‘zbekistonlik harbiylardan “Sodiq do‘st”da mutlaq ustunlik

0
1650

“ArMI—2022” Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida o‘tkazilayotgan “Sodiq do‘st” musobaqasining navbatdagi sharti yakunlandi.

Musobaqaning “Itoat qilish” shartini Jazoirning ayollar jamoasi boshlab berdi. Belarus jamoasidan soʻng mezbon vakillardan kichik serjant Irodaxon Olimovaning “Gita” va kichik serjant Marjona Oqqoʻziyevaning “Brenda” laqabli xizmat itlari xalqaro musobaqada dadil odimlab, egasining yuzini yorugʻ qildi. Mamlakatimiz jamoasidan soʻng rossiyalik harbiy xizmatchilar juftlik bahslarida ishtirok etdi.

Eʼtiborlisi, musobaqaga joriy yilda qoʻshilgan ushbu yangi shart bir qator meʼyorlarni oʻz ichiga oldi. Unda xizmat itlari harbiy kinologlar bergan buyruqqa binoan oʻngga, chapga burilish, ortga qaytish, harakat davomida darhol toʻxtash, yugurish, oʻtirish, yotish, oʻrnidan turish, yonma-yon harakatlanish, sekin yoki meʼyoriy qadam tashlash elementlarini bekam-koʻst bajardi. 

Juftliklarda bajarilgan ushbu shartda erkaklar jamoamizdan kichik serjant Sodiq Dilmurodovning “Klif” hamda kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqovning “Best” laqabli xizmat itlari tengsiz natijalarni qayd etdi.

“Sodiq doʻst” musobaqasining kecha, 19-avgust kuni “Dog biatloni” sharti boʻyicha erkaklar oʻrtasida Oʻzbekiston jamoasi mutlaq ustunlikka erishdi.

Ayollar oʻrtasida ham Oʻzbekiston jamoasi peshqadam boʻlib bormoqda. Oldinda bizlarni bir-biridan murakkab va sinovli yana 4 ta shart kutib turibdi. 

Ta’kidlash kerakki “Sodiq do‘st” musobaqasining “Dog biatlon” shartida yakka tartibda 2,4 ming metrga xizmat iti bilan yugurgan kichik serjant Iroda Olimova “Gita” laqabli iti bilan 10 daqiqayu 13,8 soniya bilan rekord natijani qayd etdi.

Erkaklar o‘rtasida o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda kichik serjant Zuhriddin Qo‘shoqov ham “Best” laqabli iti bilan yuqoridagi shart bo‘yicha rekord o‘rnatdi — 8 daqiqayu 18 soniya.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti