“ArMI—2022”: “Yoʻl patruli”da vakillarimiz peshqadamlikni qo‘ldan boy bermayapti

0
1251

“ArMI-2022” VIII xalqaro armiya oʻyinlari doirasida Qoʻqon shahri mezbonlik qilayotgan “Yoʻl patruli” musobaqasining birinchi bosqichi oʻz nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning ikkinchi kunida jamoalar 3 shart boʻyicha oʻzaro bahs olib borishdi. Kunning birinchi yarmida musobaqaning qiziqarli shartlaridan biri boʻlgan individual poyga baxsi oʻtkazildi.

Ushbu shartda ishtirokchi davlat jamoa aʼzolari avtomobilda yoʻnalish va toʻsiqlardan, sinovlardan va harbiy-texnik estafeta yoʻlaklaridan oʻtib, belgilangan finish chizigʻini jarimalarsiz, eng qisqa muddatda kesib oʻtib poygani tamomlaydi. Mazkur bosqichda yurtimiz sharafini III darajali serjant Siddiq Azamov, kapitan Abbos Amirov hamda III darajali serjant Farhod Musayevlar himoya qildi. Shart yakuni boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi 32 ball bilan birinchi oʻrinda borayotgan boʻlsa, Rossiya Federatsiyasi 21 ball bilan ikkinchi hamda 14 ballni qoʻlga kiritgan Belarus Respublikasi jamoasi uchinchi oʻrinlarni egallab turishibdi.

Kunning ikkinchi yarmida musobaqaning bir yoʻla ikki sharti oʻtkazildi. Dastlabki shart tezlikni oshirish va ekstremal toʻxtash deb nomlanib, ishtirokchilar avtomobilda astfaltlangan tekkis maydonda baxs olib borishadi. Hakam start bayrogʻini koʻtarishi bilan ishtirokchi 120 metr masofada tezlikni 70 km/soat va undan balandga koʻtarib, favqulodda toʻxtatishni amalga oshiradi. Ushbu shartda avtomobilning bamper qismi finishdagi toʻxtash chizigʻidan oʻtib ketmasligi va undan 1,5 metrdan ortiq uzoqlashmasligi kerak. Hakamlar toʻgʻri burchakli moslama yordamida har bir ishtirokchining avtomobil bamperi oʻrtasidan toʻxtash chizigʻi boshigacha oʻlchab chiqadi. Ushbu shartni yurtimiz vakillari boshlab berdi. Yakuniy natijalar boʻyicha vakillarimiz hamon peshqadamlikni oʻz qoʻllarida saqlab turibdi.

Navbatdagi shart “Sardorlar rubkasi” deb nomlanadi. Unda jamoa sardorlaridan avtomobilda ekstremal parallel parkovka qilish talab etiladi. Musobaqa tekkis maydonda, oq yoki sariq rang bilan belgilangan, uzunligi avtomobil uzunligiga teng, toʻgʻri burchakning eni avtomobilning eniga teng boʻlgan maxsus maydonchada oʻtkaziladi.

Musobaqaga qatnashuvchi davlat jamoa sardorlari avtomobili parkovka qilish joyidan 50 metrdan kam boʻlmagan uzoqlikda turadi. Jamoa sardori parkovka qilish joyiga qarab joyidan katta tezlikda qoʻzgʻalib, avtomobilini 180 gradusga burib, toʻgʻri burchak ichida toʻxtashi darkor. Avtomobil parkovka joyiga toʻxtagach, hakam toʻgʻri burchakli maxsus moslama yordamida avtomobilning oldingi va orqa bamperi oʻrtasidan santimetrlar bilan to toʻgʻri burchakli tashqi chegarasigacha oʻlchaydi.

Eʼtiborli jihati, mazkur shartda yurtimiz sharafini mayor Talant Yoʻldoshev himoya qilib, 3 urinishning ikkitasida mashinani parkovka maydoniga joylashtirishga muvaffaq boʻldi va yakunda 2 ball oldi. Raqib jamoa aʼzolari esa bironta natija qayd etolmadi va yakunda 1 ball bilan keyingi oʻrinlarni egallashdi. Umumiy natijalarga koʻra yurtimiz vakillari oldinda. Musobaqa jarayonlari davom etmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti