“Inson qadri uchun”: hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmayapti

0
1192

Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xalq bilan muloqot, odamlarni rozi qilish borasida mutasaddi rahbarlarning fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ariza, taklif va shikoyatlari boʻyicha bevosita shugʻullanayotgani oʻz samarasini bermoqda.

Mudofaa vazirligi fuqarolar qabulxonasida vazirning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev tomonidan oʻtkazilgan qabul jarayonida 50 dan ortiq yaqin murojaat koʻrib chiqildi. Unda umid ilinjida shu yerga kelgan fuqarolar, harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolar, anchadan beri yechimini kutayotgan savollar, ariza va takliflari bilan yuzlandi. Vazirlikning tegishli bosh boshqarmalari masʼul xodimlari, mutasaddi boshqarmalarning mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan qabul ortiqcha rasmiyatchiliksiz, ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtdi.

Muammolar chuqur oʻrganilib, tahlil qilindi. Har bir murojaat imkon darajasida joyida hal qilinib, zarur hollarda huquqiy koʻmak berildi. Oʻrganishga qoʻshimcha vaqt talab qiladigan arizalarning ijrosini qatʼiy taʼminlash yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq koʻrsatmalar berildi. Muhimi, ertalabdan boshlangan qabul jarayonida hech bir murojaat eʼtiborsiz, javobsiz qoldirilmadi.

– Erkak ishdan keyin oʻz oilasining yoniga shosharkan, ular tinchligi va roʻzgʻorning butligini oʻz koʻzi bilan koʻrgachgina xotiri jam boʻladi. Oiladagi kamchilik va tusiqlarga yechim topish ham aslida erlar zimmasidagi masʼulyat, – deydi kichik serjant Tursunpoʻlat Toʻxtaboyev. – Ammo shunday vaziyatlar boʻladiki, uning yechimida rahbariyat ishtiroki zarur. Gap shundaki, ayolimning ish joyimdan uzoqda joylashgan oliy taʼlimdagi tahsilini koʻchirish masalasida murojaat bilan kelgandim. Shukurki, bugun ushbu masalada menga kerakli koʻmak berildi hamda muammo ijobiy hal etildi. Murojaatimga yechimini topilishida yordam bergan vazirlik rahbariyatidan minnatdorman.

Murojaatlar orasida uy-joy taʼminoti boʻyicha kelgan harbiy xizmatchilarning muammolari ham atroflicha urganildi.

– Mening toʻrt nafar farzadim bor. Uzoq yillik harbiy faoliyatimda ularni birovdan kam qilmasdan oʻstirdim. Tarbiyasi va taʼlim olishi uchun harakatdan hamda xarajatdan toʻxtamadim. Niyatim xolis, farzandlarim jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi hamda Vatanimizga nafi tegadigan shaxs boʻlishida bor kuch gʻayratimni ayamaganman. Ammo, Vatan ichra bir vatanli boʻlish niyatida uy-joy sotib olishda koʻmak soʻrab keldim, – deydi kichik serjant Elyor Joʻrayev. – Bugungi qabulda mening murojaatim mutasaddilar tomonidan oʻrganilib, ijobiy tomonga hal etilishiga harakatlar boshlandi. Buning uchun Mudofaa vazirligi rahbariyatiga rahmat aytaman.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti