“ArMI—2022”: “Sazagan”da musobaqa oldi mashg‘ulotlar o‘tkazildi

0
953

“Sazagan” dala oʻquv maydonida “ArMI—2022” xalqaro armiya oʻyinlarining “Xavfsiz muhit” musobaqasi ishtirokchilari bellashuvning birinchi bosqichi — “Yakka tartibdagi poyga” bahslari oldidan mashgʻulotlar olib bormoqda.

Dastlab mehmon davlat vakillariga harbiy xizmatchilarimiz tomonidan toʻsiqli yoʻlaklardan oʻtish qoidalari koʻrgazmali namoyish etildi. Unga koʻra, ishtirokchilardan 5 kilometr masofada joylashgan “poyga yoʻlagi”da tiklangan 14 ta toʻsiqni zirhli texnikada va “olovli ishgʻol” yoʻlagida joylashgan 17 ta toʻsiqni piyoda bosib oʻtish talab etiladi.

Umumiy mashgʻulot jarayonlarida barcha ishtirokchi jamoalari oʻzlariga biriktirilgan zirhli mashinalarda harakatni amalga oshirib, joy relyefi bilan tanishib chiqdi. Jismoniy va ruhiy holatni sinovdan oʻtkazuvchi toʻsiqlarni mukammal oʻzlashtirish uchun yetarlicha vaqt belgilangan boʻlib, mazkur jarayonlar bellashuvlarning halol va shaffof oʻtishi uchun koʻzda tutilgan.

Leytenant Akbar Kamolov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti