“ArMI—2022”: “Elbrus halqasi” jamoamizdan ishonchli start

0
1293

Rossiya Federatsiyasi Kabardino-Balkariya Respublikasining Terskol hududida Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkaziladigan “Elbrus halqasi” musobaqasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda iArmaniston, Abxaziya, Rossiya, Oʻzbekiston, Xitoy, Hindiston, Qozogʻiston, Uganda va Janubiy Osetiya vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimidan soʻng musobaqaga start berilib, jamoalar birinchi shart boʻyicha oʻzaro bellashdi. Turli murakkablikdagi vazifalarni oʻz ichiga olgan jami 16 ta shartning dastlabkisi sunʼiy qoya relyefiga yakka tartibda tezkor chiqishdir. Unda ishtirokchi jamoalar oʻz bilim va mahoratlarini namoyish etdi. Birinchi shart yakunlariga koʻra, vakillarimiz – Oʻzbekiston jamoasi eng yaxshi natija koʻrsatib (811 ball), birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Qozogʻistonliklar ikkinchi oʻrinni (757 ball) band etgan boʻlsa, Rossiya jamoasi kuchli uchlikdan (708 ball) oʻrin oldi. Bu birinchi shart boʻyicha jamoalarning qoʻlga kiritgan natijalaridir. Hali oldinda yana bir-biridan murakkab, bir-biridan qiyin 15 ta shart bor. Albatta, bu vazifalarni bajarishda ham tajriba va mahorat oʻz soʻzini aytadi.

 

Biz avvalgi reportajlarimizda mazkur yoʻnalishdagi jamoamiz haqida soʻz yurita turib, bejizga oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi boʻyicha oʻz maktabi shakllangani haqida gapirmagan edik. Yigitlarimiz musobaqaga tezkor kirishib ketib, yaxshi start oldi. Ishonamizki, oldinda turgan vazifalarni ham aʼlo darajada bajarib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritadi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar oʻtgan yili “Elbrus halqasi” musobaqasida mezbon davlatdan keyin faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Kichik serjant Jamoliddin ABDURASULOV,

Rossiya Federatsiyasi

Kobardina-Balkariya Respublikasi