Front orti taʼminoti mutaxassislari kuni nishonlandi

0
896

Mudofaa vazirligi Markaziy moddiy-texnik taʼminot bazasida “Front orti taʼminoti mutaxassislari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Mudofaa vazirining 2015-yil 2-maydagi buyrugʻiga asosan, har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “Front orti taʼminoti mutaxassislari kuni” sifatida nishonlanadi. Bayramona tadbirda qoʻshinlarning moddiy-texnik taʼminoti tizimida fidokorona xizmat qilayotgan bir guruh soha mutaxassislari qimmatbaho va esdalik sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.

– Qoʻshinlarning moddiy-texnik taʼminotga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida va sifatli qanoatlantirish, yurtimizda sodir boʻlgan texnogen halokatlarning oqibatini bartaraf etish, Xalqaro armiya oʻyinlarida qatnashayotgan shaxsiy tarkibni zarur vositalar bilan taʼminlash yoʻlida qilinayotgan ishlar bu tarmoqni muhim boʻgʻin sifatida eʼtirof etishga arziydi, – deydi podpolkovnik Rahmatulla Oʻsarov. – Front orti taʼminoti shaxsiy tarkibining koʻp yillik tajribasidan kelib chiqib, oʻz ustimizda ishlashimiz, har qanday vaziyatda mustahkam irodani koʻrsatgan holda xizmat vazifalarimizni aʼlo darajada bajarishimiz lozim.

Kunning ikkinchi yarmida harbiy xizmatchilar oʻrtasida osh musobaqasi oʻtkazdi. Oʻzbek milliy oshxonasining shoh taomi boʻlmish palovxontoʻrani eng maromida tayyorlab, dasturxonga tortiq qilgan yurt posbonlari hakamlar hayʼatining baholariga koʻra, ragʻbatlantirildi. Jamoada ahillik va sogʻlom muhitni yanada mustahkamlashga qaratilgan musobaqa soʻngida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturi soha mutaxassislariga yana bir bayram tuhfasi boʻldi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti