“Sodiq do‘st” musobaqasi ishtirokchilari Chirchiq avtomobil maktabi bilan tanishdi

0
902

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti joriy yilda “ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining “Sodiq do‘st” musobaqasiga mezbonlik qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Yurtimizga mazkur musobaqada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan jamoalar, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Jazoir terma jamoalari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Toshkent viloyati kengashi tasarrufida boʻlgan Chirchiq avtomobil maktabiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlarga tashkilotning asosiy faoliyati boʻyicha ma’lumotlar berilib, oʻquv muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar namoyish etildi. Maktabda tashkil etilgan oʻquv sinflar, avtomobil hamda sport texnikalari, shuningdek, sportchilar tomonidan qoʻlga kiritilgan yutuqlar hamda mavjud moddiy-texnik baza mehmonlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

 

Tashrif davomida Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Jazoir terma jamoalari oʻrtasida pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Musobaqa oʻta qizgʻin va murosasiz ruhtda o‘tdi.

Musobaqa yakuniga koʻra, faxrli birinchi oʻrinni Rossiya Federatsiyasi, ikkinchi oʻrinni Jazoir va uchunchi oʻrinni Belarus respublikasi egalladi. Musobaqa gʻoliblari va jamoa sardorlariga “Vatanparvar” tashkilotining esdalik sovgʻalari bilan topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti