Texnik taʼminot boshqaruv organlari va boʻlinmalari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi

0
1039

Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizonidagi harbiy qisml va dala oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi texnik taʼminot shaxsiy tarkibi bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Yigʻinga mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari rahbarlik qildi.

Mazkur yigʻinni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad — qoʻshinlarda texnik taʼminot borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish hamda doimiy jangovar shay holatda texnik taʼminotni tashkilashtirish masalalari oʻrganish.

Yigʻin davomida masʼul ofitserlar tomonidan texnik taʼminot shaxsiy tarkibi bilan texnik va maxsus tayyorgarlik fanlaridan sinovlar qabul qilindi. Koʻrgazmali mashgʻulotga yigʻin qatnashchilari bilan birga, Qurolli Kuchlar akademiyasi va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti oʻqituvchilari hamda kursantlari jalb etildi.

Mashgʻulotlarning amaliy qismi dala-oʻquv maydonida oʻrin olgan maxsus oʻquv nuqtalarida kechdi. Xususan, harbiy qism taʼmirlash guruhi kuch vositalarini hududiy ishlab chiqarish korxonalarida yoyish, kuch tuzilmalarining safdan chiqqan harbiy texnikalarini tiklash hamda harbiy qism yongʻin guruhining yongʻin sodir boʻlganda uni bartaraf etish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlari amaliy koʻrsatib berildi.

Darhaqiqat, bir necha kun davom etgan oʻquv mashgʻulotlari soha vakillarining oʻzaro tajriba almashishi, kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti