“ArMI–2022”: “O‘zbek hamisha, har yerda o‘z so‘zini aytib kelgan!”

0
1409

Xalqaro armiya o‘yinlarining “Ishonchli qabul” musobaqasi harbiy aloqachilar mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Mazkur yo‘nalishdagi bellashuv joriy yilda Belarus Respublikasi Minsk shahridagi “Uruche” poligonida bo‘lib o‘tadi.

Unda ishtirok etadigan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi hozirda o‘zlariga biriktirilgan qurol-aslaha va aloqa vositalari bilan so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda. Harbiy delegatsiyamiz rahbari polkovnik Shavkat Mamajonov musobaqa bo‘lib o‘tadigan hudud – Minsk shahriga borib, jamoamiz a’zolari bilan shaxsan uchrashdi. Ularga bo‘lg‘usi bellashuvda omad tilab, o‘zbek farzandi hamisha, har yerda o‘z so‘zini aytib kelganini ta’kidladi. Musobaqaning shaffof va adolatli o‘tkazilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

“Ishonchli qabul” musobaqasining tanatanali ochilish marosimi 14-avgust kuni Brest qal’asi majmuasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 16-avgust kuni esa bellashuvlarga start beriladi. Unda jami 13 ta jamoa ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston harbiy jamoasi ushbu yo‘nalishdagi bahslarga o‘tgan yildan boshlab qo‘shildi va ilk ishtirokdanoq 3-o‘rinni band eta olgan edi.

Kichik serjant Muzaffar PARDAYEV