Oʻzbekiston jamoasi “Harbiy ralli”da ishtirok etish uchun Tuvaga yetib bordi

0
1301

“ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlarining “Harbiy ralli” musobaqasida ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Tuva Respublikasining Qizil shahriga yetib bordi. Joriy yilgi musobaqada Rossiya, Belarus, Oʻzbekiston va Mogʻuliston harbiy haydovchilaridan iborat jamoalar, shuningdek, “KamAZ” va “Ural” zavodlarining jamoalari ishtirok etadi.

Mehmonlar orkestr sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Mehmonlarga poklik, muqaddaslik va farovonlik ramzi boʻlgan tuvaliklarga xos shoyi boʻyinbogʻlar — xadaklar topshirildi.

Jamoalar harbiy texnika va qurollarni tayyorlab, mashgʻulotlarni boshlab yubordi. Hozirda musobaqa oʻtkaziladigan yoʻnalish va bosqichlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda.

Musobaqa davomida harbiy haydovchilardan “KamAZ” va “Ural” texnikalarida turli toʻsiqlarga ega 1000 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtish, “Tigr” zirhli avtomobili bortidan “Kalashnikov” pulemyoti orqali oʻt ochish hamda “AK-74” yordamida 100 metr uzoqlikdagi nishonni jamoa boʻlib ishgʻol etishi talab etiladi.

“Harbiy ralli” birinchi bor ikki davlat hududida — Rossiya va Mogʻulistonda 13—19-avgust kunlari boʻlib oʻtadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommnikatsiyalar departamenti