Forishda “Dala oshxonasi”, Sazaganda esa “Xavfsiz muhit” musobaqalari uchun jamoalarga texnikalar topshirildi

0
1498

Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala o’quv maydonida o’tkazilayotgan “Xavfsiz muhit” musobaqasi ishtirokchilariga harbiy texnika va qurol-aslahalarni biriktirish uchun qur’a tashlash marosimi o’tkazildi. Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari hamda musobaqada ishtirok etayotgan jamolarning a’zolari ishtirok etdilar.

Qur’a natijalariga ko‘ra, Rossiya, Vyetnam, Eron, Xitoy, Belarus va O‘zbekiston tegishli raqamlar ostidagi zirhli texnikalarda harakatlanadigan bo‘ldi.

Endilikda jamoalar 18-avgust kuni musobaqaning dastlabki bosqichida bellashishga kirishadi. Unga qadar tayyorgarlik jarayonlari davom etadi.

Shuningdek, bugun, 10-avgust kuni “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” musobaqasida doʻstona raqobatga kirishgan Rossiya, Belarus, Oʻzbekiston, Tojikiston va Vyetnam davlatlari vakillariga oʻzlariga biriktirilgan oshxona jihozlari va anjomlari topshirildi.

Musobaqa ishtirokchilari ularni qabul qilib olish barobarida ixtiyoriy tarzda dastlabki sinov taomlarini pishirib koʻrdilar. Bu jarayonda ular oʻzlariga yordamchi boʻlgan jihoz-aslahalar bilan tillashib oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti