“ArMI—2022”: Jamoalarimiz soʻnggi tayyorgarlik mashgʻulotlarida

0
1314

VIII Xalqaro armiya oʻyinlari start olishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Unda ishtirok etadigan Oʻzbekiston mudofaa vazirligi jamoalari hozirda musobaqalar oʻtkaziladigan hududlarga yetib borib, oʻquv nuqtalari bilan yaqindan tanishyapti, malakali mutaxassislar boshchiligida soʻnggi tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqda.

Moʻgʻuliston Respublikasida boʻlib turgan “Otliq marafon” jamoamiz hozirda oʻzlariga biriktirilgan qurol va otlarni qabul qilib olib, bellashuvga qizgʻin tayyorgarlik koʻryapti. Otni xalqimizda yigitning qanoti, deyishadi. U bilan tillashish ham oson ish emas. Ammo mashgʻulotlarda obdon pishigan, ota-bobosi ot oʻynatib, el kezgan chavondoz yigitlarimiz uchun bu qiyinchilik tugʻdirmadi.

 

Podpolkovnik Zokir Yallakayev boshchiligidagi “Otliq marafon”chilarimiz oʻtgan yilgi musobaqada faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Asosiy bahslar 14-avgustdan boshlanadi. Jamoamizga bu yilgi bellashuvlarda ham muvaffaqiyat tilaymiz.

“Elbrus halqasi” jamoamiz esa mezbon davlat – Rossiya Federatsiyasi Kabardino-Balkariya Respublikasining Terskol hududida boʻlib turibdi. Harbiy alpinistlarimiz oʻzlari uchun biriktirilgan qurol-aslahalar va anjomlarni qabul qilib, tayyorgarlikka kirishib ketgan. Musobaqada Armaniston, Abxaziya, Rossiya Federatsiyasi, Oʻzbekiston, Xitoy, Hindiston, Qozogʻiston, Uganda, va Janubiy Osetiya jamoalari ishtirok etmoqda. Jamoalar turli vazifalarni oʻz ichiga olgan jami 16 ta shart boʻyicha oʻzaro bellashadi.

Maʼlumki, oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi boʻyicha oʻz maktabi shakllanib ulgurgan. Shu boisdan vakillarimiz xalqaro maydonlarda boʻladigan har bir musobaqada munosib ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda. Ishonamizki, 13-avgustdan start oladigan bellashuvlarda mana shu mahorat maktabi yana bir bor oʻziga bildirilgan ishonchni oqlay oladi. Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar oʻtgan yili “Elbrus halqasi” musobaqasida mezbon davlatdan keyin faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Yigit va qizlardan iborat “Harbiy-tibbiy estafeta” terma jamoamiz Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasiga joylashib, oʻquv nuqtalari bilan yaqindan tanishib chiqdi, akademiya oʻquv bazasida dastlabki tayyorgarlik mashgʻulotlarini boshladi. Uch yildan beri peshqadamlikni qoʻldan bermay kelayotgan harbiy tibbiyotchilarimiz bu yilgi bahslarda dunyoning 14 davlatidan kelgan jamoalar bilan bellashadi. Mazkur yoʻnalishdagi musobaqaga 15-avgust kuni start beriladi.

“Qoʻshin razvedka aʼlochisi” yoʻnalishadagi jamoamiz musobaqa oʻtkaziladigan hudud – Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida soʻnggi tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtashmoqda. Ushbu yoʻnalishdagi bahslar ham juda shiddatli va qiziqarli tarzda boʻlib oʻtadi.

Unda dunyoning 15 davlatidan kelgan harbiy razvedkachilar oʻz bilim va mahoratlarini namoyon etishadi. Hozirda jamoamiz oʻquv nuqtalarida bajariladigan shartlar ustida ish olib bormoqda. Bellashuvlar 17-avgustdan boshlanadi. Harbiy razvedkachilarimiz oʻtgan yilgi musobaqada mezbon davlatdan keyin faxrli 2-oʻrinni egallashgan edi.

Aloqa qoʻshinning koʻzu qulogʻidir. Usiz qoʻshinni boshqarishni tasavvur ham yetib boʻlmaydi. Harbiy aloqachilar mahoratiga baho beruvchi “Ishonchli qabul” musobaqasi Belarus Respublikasida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston harbiy jamoasi ushbu yoʻnalishdagi bahslarga oʻtgan yildan boshlab qoʻshildi va ilk ishtirokdanoq 3-oʻrinni band eta olgan edi.

Hozirda vakillarimiz oʻzlariga biriktirilgan texnika va jihozlarni qabul qilib olib, tayyorgarlik mashgʻulotlarini davom ettirishmoqda. 16-avgust kuni bellashuvlarga start beriladi.

“Tank biatloni” yoʻnalishida ishtirok etadigan jamoamiz qurʼa tashlash marosimidan soʻng oʻzlari uchun biriktirilgan jangovar texnika – T-72B3 tanklarini qabul qilib oldi va uni musobaqaga tayyorlash uchun dastlabki texnik amaliyotlarni bajarmoqda.

Vyetnam, Venesuela va Qozogʻiston tankchilari bilan bir guruhdan joy olgan vakillarimiz yakkalik poyga bahslariga qizil rangli tankda 13-avgust kuni kirishadi.

Shu bilan bir qatorda boshqa jamoalarimiz ham sanoqli kunlardan soʻng start oladigan “ArMI-2022” musobaqasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi