“Tank biatloni”ga qur’a tashlandi

0
1784

Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkaziladigan “Tank biatloni” musobaqasiga qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda delegatsiya aʼzolari, qatnashuvchi davlatlar jamoa vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qurʼa natijalariga koʻra, birinchi divizionda qatnashadigan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoamiz qizil rangli tankda Vyetnam, Venesuela va Qozogʻiston tankchilari bilan ikkinchi yurishda harakatlanadigan boʻldi. Shunday qilib, polkovnik Juma Atashev boshchiligidagi jamoamizga birinchi divizionda Ozarbayjon, Belarus, Vyetnam, Venesuela, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston va Rossiya Federatsiyasi davlatlari jamoalari raqiblik qiladi.

– Jamoamiz “Forish” poligonida musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrdi. Yigitlarimizning kayfiyati aʼlo darajada. Eng muhimi shu, menimcha, – deydi jamoa murabbiylaridan biri podpolkovnik Ismoil Navroʻzov. – Ekipajlarimizdagi har bir ishtirokchi bir tan-u bir jon boʻlib, “Men gʻolib!” shiori ostida harakat qilgan holda nasib qilsa, yuqori natijalar bilan yurtimizga qaytamiz.

Eslatib oʻtamiz, Xalqaro armiya oʻyinlarining eng qiziqarli va shiddatli yoʻnalishi hisoblanadigan “Tank biatloni” musobaqasi Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” poligonida boʻlib oʻtadi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati