“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar

0
1154

“Qoraqalpogʻiston sanʼat saroyi” davlat muassasasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida oʻqish xarajatlarini hamda bir oylik safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni oʻtashi uchun pul badalini toʻlab berishga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyun kunidagi “Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtazilgan tadbirda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Nukus shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Nukus shahridagi jami 64 mahallaning “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlari va ularning ota-onalari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari qatnashdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev onlayn videomuloqot orqali ochib berdi. Soʻng Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatovga nutq soʻzladi. Qoʻmondon oʻz soʻzida hukumatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar, xususan, mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan keng imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Shu kuni “Yoshlar daftari”ga kiritilgan nukuslik yoshlar uchun ajratilgan vaucher Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarma boshligʻi Polat Maxsetbayevga tantanali ravishda topshirildi.

Sanʼat saroyi sahnasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 400 ga yaqin yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badalini va avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplab berish uchun subsidiyalar ajratish boʻyicha jami vaucherlar taqdim etildi.

Tadbir koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtdi. Yoshlar ishlari agentligi rahbari bilan boʻlib oʻtgan onlayn suhbat davomida yoshlar va ota-onalar davlatimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligidan mamnun ekanini bildirib, minnatdorchilik izhor etishdi.

Uchrashuv soʻngida ishtirokchilar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonidagi shart-sharoitlar, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazidagi harbiy okrug tarixidan soʻzlovchi tarix muzeyi hamda Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash boʻyicha taʼlim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati