“Yangi O‘zbekiston” gazetasida mudofaa vazirining maqolasi e’lon qilindi

0
3112

“Metin intizom, mustahkam ijro – mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish va yuqori jangovar shaylik asosi” — “Yangi O‘zbekiston” gazetasida mudofaa vazirining maqolasi e’lon qilindi. 

O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mudofaa sohasidagi tizimli ishlarning izchil davom etishiga jiddiy turtki berdi.

Ushbu hujjatlar talablari asosida Mudofaa vazirligi mansabdor shaxslarining shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini kuchaytirish, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, tashkiliy hamda nazorat faoliyati shakllari va uslublarini takomillashtirish borasida kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Bu jarayonda ijro intizomi, shaxsiy mas’uliyat va tashabbuskorlik asosiy tamoyil qilib olindi.

Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashning mutlaqo yangi “Ijro.gov.uz” tizimi yaratilishi jamiyat hayotidagi muhim islohot, yangilik va o‘zgarishlar, fuqarolar manfaatlarini himoya qilishning asosiy omili bo‘lmoqda.

Mudofaa vazirligi markaziy apparati va qo‘shinlarida ijro intizomi holati bo‘yicha o‘tgan davrda “Ijro.gov.uz” elektron tizimida 1 ta qonun, Prezidentning 164 ta farmoni, 628 ta qarori, 226 ta farmoyishi va 158 ta bayoni doirasida Mudofaa vazirligiga yuklatilgan jami 1177 ta topshiriqning 981 tasi o‘z vaqtida bajarilgan bo‘lsa, 196 tasining ijrosi davom ettirilmoqda.

Qonunchilik hujjatlari, qo‘yilgan vazifalar mohiyati va ahamiyatini shaxsiy tarkibga tezkor yetkazish, nazorat bandlari va topshiriqlarni bajarishda harbiy qism va muassasa rahbarlarining shaxsiy javobgarligi ta’minlangan. Yuqori va quyi tizimlar o‘rtasida tezkor ichki axborot almashinuvi jarayoni to‘liq elektron formatga o‘tkazilgan. Bu esa sohaga doir qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishda o‘z samarasini bermoqda.

Mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida

Mudofaani boshqarish milliy markazida joriy yilning 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Prezidentimiz – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi faoliyatini sifat jihatidan yangi pog‘onaga olib chiqish, qo‘shinni zamonaviy qurol-yarog‘ hamda harbiy texnika bilan butlash, mavjudlarini modernizatsiya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, harbiy xizmatchilarning psixologik tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash bo‘yicha qator vazifalar qo‘yilgandi. Ushbu muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2022-2026 yillarda Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha konseptual dastur ishlab chiqildi va u asosda amaliy ishlar olib borilmoqda.

2016-yil bilan taqqoslaganda harbiy xizmatchining o‘quv-mashg‘ulot me’yori 4 barobar ko‘paydi, jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlari intensivligi, qo‘shinlar tayyorgarlik darajasi 2 barobar oshdi.

Amalga oshirilgan ishlar va islohotlar samarasini yurt himoyachilari xalqaro maydonlarda o‘tkazilgan o‘yinlar va musobaqalarda yaqqol namoyon etishdi. Jumladan, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoamiz 2020 yilda Xalqaro armiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2021 yilgi armiya o‘yinlarining 24 ta yo‘nalishida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, 42 ta davlat armiyalari o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Ta’kidlash joizki, mazkur Xalqaro armiya o‘yinlarida qayd etilgan jami 33 ta rekord natijadan 10 tasi O‘zbekiston harbiy xizmatchilari tomonidan o‘rnatildi.

Mudofaa vazirligining 2 nafar serjanti AQShda o‘tkazilgan “Ilg‘or jangchi” musobaqasida munosib ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi.

“Global Firepower Index-2021” reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy salohiyati Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida uchinchi va dunyoning 140 mamlakati orasida 53-o‘rinni turadi.

Harbiy meros va ilmiy salohiyat

Buyuk ajdodlarimizning boy harbiy merosini chuqur o‘rganish orqali harbiy ilm-fanni rivojlantirish, milliy harbiy san’atimiz tarixi bo‘yicha fundamental tadqiqotlar qilish, sohadagi xavf va tahdidlarni tizimli o‘rganish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021-yil dekabrdagi qaroriga muvofiq Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi.

Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish yo‘nalishidagi izchil sa’y-harakatlar natijasida ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega harbiy xizmatchilar soni 137 nafarga yetdi. Yana 211 nafar harbiy xizmatchi hozirgi kunda ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi yangi xalqaro standartlarga mos takomillashtirildi. Akademiyada davlat va harbiy boshqaruv darajasidagi harbiy kadrlarni tayyorlash magistraturasi tashkil etilib, yiliga 15 nafargacha kadr tayyorlanmoqda. Buning natijasida Qurolli Kuchlar akademiyasi ilmiy salohiyati 51,3 foiz oshdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik doirasida Mudofaa vazirligining 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchisi Rossiya, AQSh, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Belarus, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya oliy harbiy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida ta’lim olib, xalqaro tajribalarni o‘rgandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ajdodlarni izlab” harbiy-tarixiy jamiyati faoliyatiga fan va san’at sohalari rahbarlari va mutaxassislari jalb etilishi milliy harbiy merosimizni har tomonlama tizimli o‘rganish hamda ommalashtirish imkonini berdi.

Jumladan, shu vaqtga qadar fashizmga qarshi urush vaqtida yurtimiz aholisi 6 mln 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 mln 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekistondan 1 mln 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani, har uch o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgani aniqlandi. Ya’ni shuncha yillar mobaynida e’tibordan chetda qolib kelgan, ammo janglarda mardonavor qatnashgan qariyb 451 ming yurtdoshimizning nomlari va taqdiri tiklandi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqiruv

2021-yil 30-sentyabrda imzolangan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi Qurolli Kuchlarni butlash, hududiy hamda hududiy-tibbiy komissiyalar, shuningdek, viloyat yig‘in punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalar va mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi rahbariyat kengashlari tarkibi va ularning ish faoliyati belgilandi. Bir-birini takrorlovchi tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi. 196 nafar tibbiy xodim tibbiy komissiyalar tarkibidan chiqarildi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish ko‘zda tutilgan vazirlik va idoralar vakillarining nomzodlarni yakkama yakka suhbat orqali tanlab olishi bilan Qurolli Kuchlarni sifatli butlash imkoni yaratildi.

O‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarining bitiruvchi sinf o‘g‘il bolalarini chaqiruv punktlarida qayd etish ishlarini aprel-may oylaridan oxirgi o‘qish yilining oktabr-noyabr oylarida amalga oshirish tartibi belgilandi.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, mehnatga qobiliyatsiz, ya’ni nafaqada yoki nogiron bo‘lgan ota-onaning yolg‘iz o‘g‘li, ularning boshqa boquvchisi yoki bo‘lmasa, harbiy xizmatga chaqirilmas edi. Fuqarolarning murojaatlari va takliflari asosida ushbu toifadagi chaqiriluvchilarga ota-onalarining roziligi bilan muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatini o‘tash huquqi berildi. Joriy yil ana shu toifaga kiruvchi 112 nafar fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 6-martdagi qaroriga muvofiq, muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolarni harbiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limidagi hududiy tibbiy komissiyalar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida harbiy tibbiy komissiyalar tashkil etildi. Bu o‘zgarish, o‘z navbatida, ko‘p kuch, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishining oldini olmoqda.

Hududiy tibbiy komissiyalar tomonidan sog‘lig‘i darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar butlash komissiyasida suhbatdan o‘tkazilib, sog‘lig‘ining darajasi, jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda ularni qo‘shin turlariga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilinmoqda.

Fuqarolar tomonidan harbiy xizmatga yaroqlilik toifasi bo‘yicha o‘ziga nisbatan chiqarilgan xulosalaridan norozi bo‘lib murojaat qilgan fuqarolar Mudofaa vazirligi markaziy harbiy tibbiy komissiyasining nazorat tibbiy ko‘rigidan o‘tishi belgilandi. Unga 2021-yil hududiy tibbiy komissiya qaroridan qoniqmagan va boshqa sabablarga ko‘ra 136 nafar, 2022-yilda 108 nafar fuqaro murojaat qilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqqan holda barcha mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlarini elektron ishlash tizimiga o‘tkazish bilan fuqarolarga, ayniqsa, yoshlarga qulay sharoitlar yaratildi.

Natijada respublikamizdagi 202 ta mudofaa ishlari organi orqali fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya to‘siqlariga barham berildi, qonun buzilishi holatlarining oldini olish ta’minlandi. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasi ishga tushirilishi bilan 10 dan ortiq hujjatni talab etish bekor qilinib, qisqa vaqtda “Yagona darcha” tamoyili asosida yoki mudofaa ishlari bo‘limlari orqali elektron tarzda ma’lumotnoma olish, ro‘yxatga qo‘yish yoki chiqarish imkoniyati yaratildi.

2022-yil 1-iyul holatiga 1016539 nafar fuqaroga onlayn va elektron tarzda “Harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish” davlat xizmati ko‘rsatildi.

Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, uy-joy va maishiy sharoitini, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash masalalari Prezident – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021-yilda Toshkent shahri va viloyatlarda 1010 ta xonadondan iborat 19 ta ko‘p qavatli uy ipoteka kreditlari hisobiga qurilib, harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolariga foydalanishga topshirilgani, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 1200 tani tashkil etgani buning yaqqol namunasidir. Bugungi kunda Toshkent va Chirchiq shaharlarida 420 ta xonadon foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, joriy yilning sentabr oyida Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 290 ta xonadon foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1991-2016-yillarda (25 yilda) jami 7137 nafar harbiy xizmatchi uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda 10769 ta xonadon topshirilgan. 2022-2026 yillarda bu ko‘rsatkichni har yili 2295 tagacha yetkazish, 5 yilda ipoteka kreditlari asosida jami 11475 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar joylar barpo etish rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida malakali harbiy shifokorlar tayyorlash, ularning mahorati va tajribasini oshirish borasida ham keng miqyosli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, vazirlikning 234 nafar tibbiyot xodimi respublikamiz va xorij (AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya) tibbiyot markazlari va akademiyalarida ta’lim oldi. Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasida 181 nafar tibbiyot xodimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida 21 nafar shifokor, Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish markazida 4 nafar hamshira, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Harbiy tibbiyot akademiyasida 11 nafar harbiy shifokor klinik ordinatura, qayta tayyorlash kurslarida malakalarini oshirishdi. Shuningdek, 17 nafar harbiy shifokor Harbiy tibbiyot akademiyasining harbiy internaturasi va klinik ordinaturasiga qabul qilindi.

Xalqaro harbiy hamkorlik yo‘nalishida Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan harbiy tibbiyot sohasida hamkorlikka oid imzolangan anglashuv memorandumi doirasida barcha okrug va birlashmalardan 12 nafar tibbiyot xodimi Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari tibbiyot maktabining “Jang maydonida shoshilinch tibbiy yordam” o‘quv kurslarida amaliy ko‘nikmalarni oshirishga, 2 nafar harbiy shifokor AQShning Texas shtatidagi harbiy havo kuchlari bazasiga o‘qishga yuborildi.

Shu o‘rinda harbiy gospitallar faoliyatiga yuqori texnologiyali, shu bilan birga, yirik bo‘g‘inlarni endoprotezlash amaliyoti kiritilganini alohida e’tirof etish joiz. Chunki sohadagi bu yangilik sabab 2022-yil 7-may kuni Markaziy harbiy klinik gospitalda ilk bor akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda “buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti” muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Xalq va armiya – bir tanu bir jon

“Xalq va armiya – bir tanu bir jon” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan tadbirlar Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, harbiy kasb nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarning ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini shakllantirish singari ustuvor maqsadlarga xizmat qilmoqda. Buning natijasida Qurolli Kuchlar va xalqimiz o‘rtasidagi rishtalar mustahkamlanib, yurtdoshlarimizning o‘z armiyasiga nisbatan faxr, g‘urur va iftixor tuyg‘ulari yanada oshmoqda.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan viloyatlar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi past bo‘lgan olis qishloq, ovul va mahallalarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida jami 186 ta mahalla, qishloq va ovulda, 51583 ta xonadonda obodonlashtirish, 3850 ta ob’ektda qurilish, 303 ta ko‘p qavatli va 8 521 ta ob’ektda ta’mirlash ishlari bajarildi. 44 ta mahallada harbiy muhandislik texnikasida burg‘ilash ishlari olib borilib, 2 996 ta xonadon tomorqasini sug‘orish uchun 303 ta artizan quduq qazib berildi.

Mudofaa vazirligining 500 dan ortiq tibbiyot xodimi koronavirusga qarshi kurashish ishlarida faol qatnashdi. Mudofaa vazirligining 2 ta Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, 6 ta harbiy gospitali virusologiya laboratoriyasida koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun 51854 ta laboratoriya tahlili amalga oshirildi. “O‘zekspomarkaz”da koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash maqsadida vazirlik tomonidan 270 o‘ringa mo‘ljallangan vaqtinchalik shifoxona tashkil etildi va unda 27576 fuqaro tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularga statsionar va ambulator tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali ijro etish maqsadida Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida 2022-yilga mo‘ljallangan, mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Unga muvofiq, alohida uyushgan va uyushmagan yoshlar bilan joriy yilning 6 oyi davomida 14 ta ma’muriy hudud bo‘yicha mahalla, harbiy qism va muassasalarda 4 ta – vatanparvarlik, ma’naviyat, madaniyat va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlarida jami 16453 ta manzilli tadbir o‘tkazildi. Ularga 905 mingdan ortiq yoshar qamrab olindi.

Yoshlarning ma’naviy savodxonligini oshirish hamda mafkuraviy immunitetini mustahkamlash maqsadida 2095 ta ma’naviyat soati, intellektual viktorina, harbiy-sport musobaqalari, buyuk ajdodlarimiz qahramonliklarini o‘rganishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik kechalari, konsert dasturlari, adabiy-badiiy kechalar tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 63 mingdan ortiq yosh ishtirok etdi. Shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbiga ulug‘ sarkarda ajdodlarimiz mardligi va jasoratini, buyuk vatanparvarligini chuqur singdirish maqsadida harbiy qism va muassasalarda “Amir Temur” va “Jaloliddin Manguberdi” sinflari yaratildi.

2022-yil mart-may oylarida 9 mingdan ortiq umumta’lim maktabining 10-11-sinflaridan 120 mingga yaqin o‘quvchisi ishtirokida mudofaa vaziri kubogi uchun uch bosqichda “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi.

Profilaktik hisobda turgan, uyushmagan, tarbiyasi og‘ir hamda jinoyat va huquqbuzarlikka moyil yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, bandligiga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Jizzax, Namangan, Xorazm, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” tashkil etildi. Mazkur yig‘inlarga 900 dan ortiq yosh qamrab olindi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 2-martdagi alohida qarori bilan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etildi.

2022/2023-o‘quv yilidan “Vatan tayanchi” harakati faoliyatida faol ishtirok etgan hamda maktabni a’lo baholarga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Murojaatlar qat’iy nazoratda

Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq tashkil etib kelinmoqda.

2022-yilning 1-yanvaridan hozirgacha Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2114 ta murojaat (Prezidentning Virtual qabulxonasi orqali 1306 ta, bevosita 559 ta, Bosh prokuraturadan 41 ta) kelib tushgan. Tegishli idoralar va hokimliklarga taalluqliligi yuzasidan 115 ta murojaat yuborilgan. Qolgan 1973 ta murojaat Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan 208 nafar jismoniy va yuridik shaxsning vakillari bevosita idorada hamda sayyor qabullar orqali qabul qilingan hamda ularga tegishli amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, tahlillar natijasi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining eng ko‘p qismi harbiy xizmatchilarni oilaviy sharoitiga ko‘ra xizmat joyini ko‘chirish, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish, harbiy xizmatni tiklash, uy-joyni xususiylashtirish va uy-joy bilan ta’minlash, muddatli harbiy xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish masalalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning yozma va og‘zaki murojaatlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qat’iy nazoratga olinib, natijalari yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar belgilangan.

Murojaatlar tahlili ko‘rsatmoqdaki, ko‘plab fuqarolar boshqa yo‘nalishlar qatori harbiy sohadagi islohotlarni ham qo‘llab-quvvatlashini, Qurolli Kuchlarimiz qudratiga ishonishini, Vatan himoyachilarining fidoiy xizmatlaridan minnatdor ekanini bildirishgan.

Mudofaa vazirligida qonunlar, Prezident farmonlari va hukumat qarorlarida belgilangan topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilib, ijro intizomini yanada mustahkamlash, shaxsiy mas’uliyat va tashabbuskorlikni oshirish ishlari izchil davom ettiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston xavfsizligini ta’minlashga, mudofaa salohiyatini kuchaytirish va qo‘shinlarning jangovar shayligini yanada oshirishga, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoyalashga xizmat qiladi.