Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari sayyor qabul natijalaridan mamnun

0
1022

Mudofaa vazirligining Navoiy viloyati Karmana tumani, Uchquduq va Zarafshon shaharlarida joylashgan harbiy qismlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyasini taʼminlash, muammolarini oʻrganib, ijobiy hal qilish maqsadida sayyor qabullar oʻtkazildi.
Sayyor qabul davomida harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari, qoʻmondonlik masʼul ofitserlari, huquqni muhofaza qilish organi xodimlari, bandlik boʻlimi, hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olganlar bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar kabi Qurolli Kuchlarimizda ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligi, harbiy xizmatchilar yashashi va xizmat olib borishi uchun barcha qulayliklar mavjudligi, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida soʻz yuritib, barchani Respublikamizdagi siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda faol boʻlishga chorlashdi.
Uch kun davom etgan sayyor qabullar jarayonida, mazkur tadbirlarga jalb etilgan 330 harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari tomonidan 140 ta murojaatlar boʻldi. Murojaatlarning aksariyati ijtimoiy himoya va bandlik masalalari, xizmat faoliyatiga oid hamda boshqa masalalar yuzasidan boʻldi.

Murojaatlarning 50 % dan koʻprogʻi boʻyicha shu joyning oʻzida tegishli qarorlar qabul qilindi, 30 % ga tavsiya va huquqiy maslahatlar berildi, 20 % ni ijobiy hal qilish choralari koʻrilmoqda.
Qabul jarayonlari bayonnomalar bilan rasmiylashtirilib, birorta ham murojaat eʼtibordan chetda qolmadi.
Tadbirlar davomida Qoʻmondonlik masʼul ofitserlari tomonidan Uchquduq shahrida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy holatini barqaror saqlash va turli psixologik taʼsirlarni oldini olish maqsadida tashkil etilib, zamonaviy targʻibot vositalari asosida jihozlangan Ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

– Ushbu xonada harbiy xizmatchilar maʼnaviy hordiq olishlari, turli intellektual oʻyinlar oʻynashi, emotsional ruhiy barqarorligini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu esa oʻz zimmalariga yuklatilgan jangovar vazifalarni muvaffaqqiyatli bajarishlarida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi qoʻmondonlik masʼul ofitseri polkovnik Xudoyor Qalandarov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti