Ota-onalar farzandi xizmat burchini olib borayotgan harbiy qismda mehmon boʻlishdi

0
906

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismga shu yerda xizmat burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari taklif etildi. Qoʻlida guldasta bilan harbiy libosda qarshi olgan farzandlarini koʻrgan ota-onalar farzandining kamolidan benihoyat xursand boʻlishdi.

Shundan soʻng, harbiy xizmatchilar ota-onalari va yaqinlarini harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishtirdilar. Unda mehmonlar milliy armiyamizni isloh etish natijasida zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar hamda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilgan ishlarga guvoh boʻlishdi.

Tadbir davomida farzandlarining jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik borasida, harbiy okrug, Mudofaa vazirligi va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muayyan yutuqlarga erishgani uchun ota-onalariga harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Yakunda mehmonlar harbiy orkestr jamoasi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturidan bahramand boʻlib, farzandlari bilan harbiycha tushlik tanavvul qilib, bir piyola choy ustida dildan suhbat qurishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati