Viqorli parvozlarni qalban his etgan yoshlar

0
680

Bugun davlatimizda yoshlarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish, kelgusida mamlakatimiz uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishishlari yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xonobod qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismda “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir ham ayni shu maqsadlarga qaratildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism bilan hamkorlikda tashkil etilgan sayohatga 100 ga yaqin o‘quvchi yoshlar taklif etildi.
Qismda tashkil etilgan harbiy havo kuchlari tarixidan tilsiz so‘zlovchi muzey mehmonlarga ko‘plab ma’lumotlar bergan bo‘lsa, kutubxonada mavjud minglab kitob fondi yoshlar hayratiga sabab bo‘ldi. Samo lochinlarining zaruriy anjom-aslahalar ko‘rigi ham o‘quvchilar qiziqishlariga sabab bo‘ldi.

Ko‘zlarida shijoat yonib turgan harbiylar mehmonlarni o‘zlarining temir tulporlari bilan tanishtirishdi. Samolyot va vertolyotlarni kuzatayotib yoshlar ham viqorli parvozlarni qalban his etishganini ularning hayajonli so‘zlaridan sezish qiyin emasdi.
Yuqori kayfiyatda o‘tgan sayohatdan mehmonlar ulkan taassurot va ma’lumotlar bilan qaytishdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati