Harbiy uchuvchilikka tashlangan birinchi qadam

0
1206

Chiroqchi tumani hokimi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati mudofaa ishlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tuman yoshlari Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida chiroqchilik yoshlar bilim yurtida yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim olish uchun yaratilgan zamonaviy simulyatsion trenajor xonalari, o‘quv aerodrom maketlari, sport majmuasi, kursantlar oshxonasi va o‘quv laboratoriyalari bilan yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, mahalla yoshlari bilan ularni kelgusida ma’lum kasb va mutaxassisliklarga yo‘naltirish, harbiy vatanparvarlik tarbiyasini sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan bilim yurti boshlig‘i yoshlarga harbiy uchuvchilik sohasining mashaqqati, shu bilan birga, parvoz zavqi to‘g‘risida, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatda qolish tartibi, oliy harbiy taʼlim muassasalarida o‘qishning yutuqlar yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi.

Tadbirda so’zga chiqqan Chiroqchi tumani hokimining o‘rinbosari esa yoshlarning fan, taʼlim, sport, madaniyat sohalaridagi yutuqlari ham sezilarli darajada koʻpayganini taʼkidlab, bu kabi iqtidorli yoshlarni doimo qoʻllab-quvvatlashga shayligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan ishtirok etib, batafsil javoblarga ega bo‘ldi.