Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari uchun muhim bo‘lgan memorandum imzolandi

0
2002

Inson hayotida sportning o‘z o‘rni va ahamiyati bo‘lishi shart. Negaki, sport nafaqat jismoniy, balki ruhiy, aqliy, axloqiy, ma’naviy va vatanparvarlik nuqtayi nazaridan ham inson irodasini charxlab boradi. Ayniqsa, yurt posbonlari hayotida sport katta ahamiyatga ega. 

Shu bois Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlarida sportga katta e’tibor qaratilib, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini muntazam ravishda oshirib borish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

Xususan, harbiy xizmatchilar o‘rtasida kikboksing sport turini ommalashtirish, u bilan muntazam shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida Toshkent harbiy okrugi va O‘zbekiston “MEGA SPORT” havaskor va professionallar assotsiatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. 

Shuni alohida e’tirof etib o‘tishimiz kerakki, ayni vaqtgacha ham harbiy xizmatchilarimiz orasida ushbu sport turi bo‘yicha yuqori natijalarga erishganlar yo‘q emas. Jumladan, yurtimizda o‘tkazilgan “Uzbekistan open-2” xalqaro sport chempionatining kikboksing sport turi bo‘yicha 71 kilogram vazn toifasida Toshkent harbiy okrugi harbiy sportchisi kichik serjant Tursunboy Xojialiyev “Full contakt” yo‘nalishi bo‘yicha oltin medal sohibi hisoblanadi.

Albatta, tomonlarning bugungi kelishuvi harbiy xizmatchilar orasidan iste’dodlilarini saralab olish va kikboksing bo‘yicha xalqaro musobaqalarga harbiy sportchilarni tayyorlash uchun keng imkoniyat yaratadi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati