«Kitobxonlik madaniyati – davr talabi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

0
796

Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasida «Kitobxonlik madaniyati – davr talabi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Janubiy operativ qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Temiz harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat mintaqaviy bo‘linmasi hamda bir qator jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ma’naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosini, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga ma’naviyat yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashda asosiy “vosita” bo‘lib xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar xalq faravonligi, yurt taraqiyoti, yoshlarning porloq kelajagini ta’minlash borasidagi ezgu ishlar, ertamiz egalari uchun berilgan imkoniyatlar va yaratilayotgan shart-sharoitlarni keng targ‘ib etish maqsadida ham mana shunday tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Ana shu jihatdan qaralganda ma’naviyat va inson, ma’naviy tafakkur va yuksak ahloqli shaxs masalasi hamisha dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Uchrashuv davomida chaqiriluvchi kursantlar buyuk ijodkorlar asarlaridan, o‘zlari sevgan shoirlarning she’rlaridan parchalar o‘qidi. Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga esa  tashkilotchilar tomonidan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni