Harbiy oilalar mustahkamligiga qaratilgan trening

0
927

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi borasida, xususan, oila a’zolarining bandligini ta’minlash, farzandlarini ta’lim muassasalariga joylashtirish, bepul malakali tibbiy xizmatdan foydalanish kabi imtiyoz va imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar yaratilgan.

Har bir jamiyatda oilaviy baxtning o‘ziga xos ko‘rinishi va to‘g‘ri oilaviy munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligi haqida turlicha qarashlar bor. Jumladan, harbiy xizmatchilar zimmalariga yuklatilgan sharafli va mas’ulyatli vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishlarida ularning oilalaridagi ijtimoiy muhitning sog‘lom va barqaror bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Ana shunday haqiqatni anglagan holda Toshkent viloyati Bekobod shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida oilaviy munosabatlarda nizolarni oldini olish, farzand tarbiyasida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis serjant Pokiza Valixonova hamda psixolog Shaxriniso Qo‘ldosheva bevosita ishtirok etib, qator mavzular bo‘yicha trening darslarini o‘tishdi. Xususan, mutaxassislar tomonidan oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi, turmush o‘rtog‘iga nisbatan hurmat, vafo va sadoqat tushunchalariga urg‘u berilib, turmushda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga e’tibor qaratildi.

Tadbir qatnashchilari oilada nizoli vaziyatlarni ijobiy yechimini topish, tushunmovchiliklarni oldini olish kabi o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

                                                         Mayor Farruxbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti