Harbiy xizmatchilarga qulaylik yaratish maqsadida yana bir memorandum imzolandi

0
2993

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining asosiy maqsadi fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasbga o‘qitish hamda sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

2021-yildan buyon «Vatanparvar» tashkiloti O‘zbekiston Respub­likasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralar o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumlariga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni o‘ndan ortiq texnik kasbga mo‘ljallangan o‘quv kurslarida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgandi.

Tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mudofaa salohiyatini oshirish borasida yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. «Vatanparvar» tashkiloti harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan yoshlar, shuning­dek, kontrakt bo‘yicha xizmat vazifasini bajarayotgan serjantlar tarkibini kasbga o‘qitishni harbiy qismlarning o‘zida yo‘lga qo‘ydi. Bu xayrli ish Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism bilan imzolangan memorandumga ko‘ra amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Harbiy qism komandiri mayor Dilshod Sultonov hamda «Vatanparvar» tashkilotining Toshkent birlashgan texnik maktabi boshlig‘i Alisher Ergashev hamkorlik memorandumini imzoladi. Hamkorlik memorandumi qisqagina, bor-yo‘g‘i sakkiz banddan iborat bo‘lishiga qaramay, unda ko‘zda tutilgan maqsadlar olamga tatiydi, desak, adashmaymiz. Qanday deysizmi?

Bu haqda komandirning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha ­o‘rinbosari mayor Ravshan RAZZOQOV batafsil ma’lumot berdi:

– «Vatanparvar» tashkiloti bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni kasbga o‘qitishni to‘g‘ri ma’noda innovatsiya deya olaman. Negaki, hali bunaqasi bo‘lmagan. Muddatli harbiy xizmatchilarimiz xizmat jarayonidagi bo‘sh vaqtidan unumli foydalanib, olti oy davomida haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. O‘quv jarayoni harbiy qismning o‘zida amalga oshirilishi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Avvaliga biz bu o‘quv kurslarida muddatli harbiy xizmatchilarimizni o‘qitishni ko‘zda tutgandik. Kontrakt bo‘yicha xizmat burchini o‘tayotgan serjantlar ham ro‘yxatga kiritishimizni so‘rab, murojaat qilishdi. Ular orasida haydovchilik guvohnomasiga egalari ham bor. «A», «В» hamda «С» toifalariga ega bo‘lganlar «D», «E» toifalari uchun o‘qish istagini bildirdi.

– «Vatanparvar» tashkiloti tomonidan o‘ndan ortiq kasb bo‘yicha o‘qitish taklifi aytildi. Harbiy xizmatchilar yana qaysi kasblarga qiziqish bildirdi?

– Hozircha haydovchilik kursi bo‘yicha. Kelgusida harbiy qismimizda mavjud ish o‘rinlari bo‘­yicha mutaxassislikka o‘qitishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Aytaylik, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarning kontrakt bo‘yicha xizmatga qolish rejasi bor. Biz ularga mavjud ish o‘rinlari bo‘­yicha takliflarni yetkazgan holda, askarlarning roziligi bilan ularni ma’lum kasbga o‘qitamiz. Buning uchun guruhlar shakl­lantiriladi va «Vatanparvar» tashkiloti mutaxassislari bilan kelishilgan holda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

– O‘quv jarayonining harbiy qismda tashkillashtirilishi texnik jihatdan muammolarni keltirib chiqar­maydimi?

– Memorandum bandlaridan birida «Vatanparvar» tashkiloti o‘quv sinflarini kerakli o‘quv qo‘llanmalari bilan jihozlashi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, bu borada muammo bo‘lmaydi. Tez orada o‘qishning nazariy va amaliy jarayonlari boshlab yuboriladi. Nazariy dars­lar harbiy qismda, amaliylari esa maxsus maydonlar va shahar ko‘chalarida o‘tkaziladi.

«Vatanparvar» tashkilotining Toshkent birlashgan texnik maktabi bosh­lig‘i Alisher ERGAShYeVga ham bir qator savollar bilan murojaat qildik.

– Memorandumga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni kasbga o‘qitish respub­likamizning ­boshqa ­hududlarida ham amalga oshiriladimi?

– Bugun biz Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism bilan memorandum imzoladik. Shunga ko‘ra, mutaxassislarimiz aynan shu harbiy qismda xizmat burchini o‘tayotgan va kasbga o‘qish istagini bildirganlarni o‘qitadi. To‘g‘risi, harbiy qismlar bilan bu borada birinchi marta hamkorlik ishlarining yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘lib turibsiz. Tashkilotning respublika bo‘yicha hududiy bo‘linmalari ham boshqa harbiy qismlar bilan hamkorlik ishlarini boshlab yuborishgan.

«Vatanparvar» tashkiloti harbiy xizmatchilarga qaysi kasblar bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etmoqda?

– Tashkilot tasarrufida mavjud o‘quv kurslarimizda o‘ndan ortiq kasb yo‘nalishida ta’lim olish imkoniyati mavjud. Ulardan biri, barcha toifalar bo‘yicha haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish kursi. Memorandum imzolash jarayoni tugashi bilan ellikdan ortiq harbiy xizmatchi haydovchilik guvohnomasiga o‘qish istagini bildirganining o‘zi muhim jarayonning mexanizmi ishga tushganidan dalolat beradi.

– Memorandumda faqat kasbga o‘qitish ko‘zda tutilganmi?

– Tashkilotimizning asosiy tezisida yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, ularni barkamol avlod vakillari sifatida voyaga yetkazish, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasbga o‘qitish hamda sportga bo‘lgan qiziqish­larini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Shunday ekan, biz harbiy xizmatchilarning farzand­larini motokross, karting, yozgi biatlon, biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, aviamodel sport turlari bo‘­yicha bepul to‘garaklarga qatnashish imkoniyatini yaratib beramiz.

– Mudofaa vazirligi tomonidan parashyut sportini rivojlantirish uchun qator ishlarni amalga oshirmoqda. «Vatanparvar» tashkiloti bu borada ham o‘z xizmatlarini taklif eta oladimi?

– Hozirda parashyut sportini rivojlantirish uchun imkoniyatlarimiz yetarli. Qator amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yib olsak, bu sohada ham hamkorlik qilishimiz mumkin. Parashyut sporti bo‘yicha tashkilotimizda tajribali mutaxassislar yetarli. Ular kelajakda Mudofaa vazirligining parashyut sportini rivojlantirishdagi sa’y-harakatlarida o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonaman.

– Xususiy avtomaktab­larda o‘qib, haydovchilik guvohnomasini olish uchun yakuniy imtihondan o‘ta olmayotganlar ko‘pchilikni tashkil etyapti. «vatanparvar» tashkilotida bu ko‘rsatkich qanday?

– Bitta guruhimizda 24 nafar o‘quvchidan 20 nafari yakuniy imtihonni birinchi urinishda topshira olishdi. Shundan ko‘rinib turibdiki, bizda xususiy avtomaktablarga qaraganda samaradorlik 90 foizga yaqin.

– O‘qitish pulli bo‘ladimi va to‘lov qanday amalga oshiriladi?

– Albatta, pulli. Harbiy xizmatchilarga to‘lov qulay bo‘lishi uchun olti oy davomida har oy bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratib berdik…

Mutaxassislardan olingan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Qurolli Kuchlar tizimida havas qilsa arzigulik voqelikka tamal toshi qo‘yildi. Tez orada memorandumda ko‘zda tutilgan rejalar esa o‘z samarasini bera boshlaydi. Kutilmagan imkoniyat natijasida kimdir haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritadi. Yana kimlardir tegishli mutaxassislikka o‘qib, kontrakt bo‘yicha Vatan himoyasi yo‘lida xizmatini davom ettirish imkoniyatiga ega. Farzandlarining xizmat davomida kasbga o‘qitilayotganini eshitgan ota-onalarning quvonchini aytmaysizmi.

Xullas, milliy armiyamiz yoshlarga misli ko‘rilmagan imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Bunday imkoniyatlardan unumli foydalana oladiganlar esa kelajakda o‘z hayot yo‘lini bosib o‘tishda qiyinchilik­larga duch kelmaydi. Chunki ularning qo‘lida hunari bo‘ladi. Hunari borning esa hayotda baxti, o‘rni borligini hamma yaxshi biladi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti