2022-yilning birinchi yarim yilligida mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

0
568

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali ijro etish maqsadida Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari Agentligi, Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida, 2022-yilga mo‘ljallangan mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Mazkur “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq alohida uyushgan va uyushmagan yoshlar bilan joriy yilning 6 oyi davomida 14 ta ma’muriy hudud kesimida mahalla, harbiy qism va muassasalarda 4 ta – vatanparvarlik, ma’naviyat, madaniyat va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlarida jami 16 453 ta manzilli tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan:
mahalla, harbiy qism va muassasalarda uyushgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan 2 883 ta – “Mard askar – yoshlarga namuna!”, “Ofitserlik mardlar kasbi!” mavzularida uchrashuv va suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, “Mustaqillik”, “Mardlik va jasorat” darslari, harbiy-vatanparvarlik karvonlari, ochiq eshik kunlari tadbirlari;
yoshlarning ma’naviy savodxonligini oshirish hamda mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan 2 095 ta – ma’naviyat soatlari, intellektual viktorinalar, harbiy-sport musobaqalari, buyuk ajdodlarimiz qahramonliklarini o‘rganishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik kechalari, konsert dasturlari va adabiy-badiiy kechalar;
yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan 2 317 ta – “Quvnoqlar va zukkolar” o‘yinlari, yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, viktorinalar va ijodiy tanlovlar, milliy o‘yin va ommaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalar hamda muzeylar, “Vatanparvarlar” bog‘lari va harbiy qismlarga ekskursiyalar;
yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan 1 763 ta – “Korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘z hissamni qo‘shaman” mavzusida profilaktik hamda zararli odatlar oqibati to‘g‘risida suhbatlar, uchrashuv, savol-javob kechalari;
mahalla, harbiy qism va muassasalarda uyushmagan, tarbiyasi og‘ir hamda jinoyat va huquqbuzarlikka moyil yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan 1 901 ta – “Qo‘mondon va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, “Oq yo‘l senga, yurt himoyachisi!” va “Mahallamiz g‘ururi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Er yigitning, er yigitga aytgan gapi ta’sirli bo‘ladi!” shiori ostida poligonlar hamda harbiy qismlarga ekskursiyalar;
yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga yo‘naltirilgan 1 872 ta – “Har bir yoshning qalbi va ongi uchun kurashamiz!” shiori ostida ma’naviyat festivallari, ma’naviyat soatlari, “Mahorat darslari” va “Faxriylar ibrati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar;
yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan 1 599 ta – “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida davra suhbatlari va uchrashuvlar;
yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, profilaktik hamda mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan 2 023 ta – “Biz narkomaniyaga qarshimiz!”, “Odam savdosi – davr muammosi”, “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzularida profilaktik tadbirlar.

Shuningdek, 2022-yilning mart-may oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinflari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida uch bosqichda Mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. Mazkur musobaqada 9 mingdan ortiq umumta’lim muassasalaridan 120 mingga yaqin o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu tadbirning mantiqiy davomi sifatida 2022-yilning may-iyun oylarida:
mahallalardagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida to‘rt (mahalla-tuman-viloyat-respublika) bosqichda Mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari;
mahalla yoshlari o‘rtasida to‘rt (mahalla-tuman-viloyat-respublika) bosqichda “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” sport turlari bo‘yicha Mudofaa vazirining kubogi uchun musobaqalar tashkil etildi.
Mazkur musobaqalarda respublikamiz bo‘ylab jami 340 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Profilaktik hisobda turgan, uyushmagan, tarbiyasi og‘ir hamda jinoyat va huquqbuzarlikka moyil yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, bandligiga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Jizzax, Namangan, Xorazm, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” tashkil etildi. Mazkur yig‘inlarga 900 dan ortiq yoshlar qamrab olindi.