Chempionlar tantanali kutib olindi

0
1072

Joriy yilning 4–10-iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari Mudofaa vazirlari kengashining 30 yilligiga bag‘ishlangan III xalqaro harbiy sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu do‘stona sport o‘yinlarida respublikamiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga qaytib keldi. Chempionlar Toshkent temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi. Unda Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov g‘olib va sovrindorlarni muborakbod etdi.

Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Belarus Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi terma jamoalari o‘zaro kurash olib borgan musobaqada yurtimiz vakillari matonat, jasorat va vatanparvarlikni namoyon etib, umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Yurtimiz sharafini himoya qilgan 39 nafar harbiy xizmatchi mazkur musobaqada 5 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etdi, – deydi podpolkovnik Azizbek Haydarov. – Harbiylashtirilgan kross, armiya qo‘l jangi, tosh ko‘tarish, qo‘zg‘almas qurollardan o‘q otish, ofitserlar uchkurashi bo‘yicha vakillarimiz murosasiz bahs olib borishdi. Mazkur musobaqaga jamoamiz oliy toifali murabbiylar qo‘l ostida 3 oy davomida tayyorgarlik olib bordi. Natijada vakillarimiz yuqori natijalarni zabt etib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishdi. Sportda shunday onlar bo‘ladiki, soniyaning o‘ndan bir ulushi ham mag‘lubiyatga sabab bo‘ladi. Buni esa omadga qiyoslashadi. Bizning jamoaga ham birinchi o‘rinni egallashimiz uchun ozgina omad yetishmadi. Rossiya Federatsiyasi jamoasi 1-o‘rin, O‘zbekiston terma jamoasi 2-o‘rin hamda mezbon jamoa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yo‘nalishlar kesimida aytadigan bo‘lsak, armiya qo‘l jangi musobaqasida jamoamiz 4 ta oltin, 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi. Harbiylashtirilgan krossda 1 tadan oltin va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Qo‘zg‘almas qurollardan o‘q otish bahsida 1 ta oltin va 2 ta bronza medallar jamoamiz hisobiga yozildi. Tosh ko‘tarishda jamoamiz vakillariga ozgina omad yetishmadi, 3 ta bronza medal yurtimiz hisobiga yozildi. Ofitserlar uchkurashida 3000 metrga yugurish hamda 300 metr masofaga erkin suzish mashqida 1 ta kumush medal bilan kifoyalandi. Umumiy hisobda 6 ta oltin, 3 ta kumush hamda 8 ta bronza medallar qo‘lga kiritildi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, har ikki yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilganiga qaramay, 2017 yilda II xalqaro harbiy sport o‘yinlari Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tgandan keyin pandemiya sabab to‘xtab qolgan edi. O‘shanda yurtimizdan kuzatuvchi maqomida ishtirok etganman. Mana, bu yil jamoamiz bilan birinchi marotaba ishtirok etdik va natijalarimiz qoniqarli, deb o‘ylayman.

– Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari Mudofaa vazirlari kengashining 30 yilligiga bag‘ishlangan III xalqaro harbiy sport o‘yinlarining ayollar o‘rtasidagi harbiylashtirilgan kross musobaqasida bronza medalni qo‘lga kiritdim, – deydi kichik serjant Saida Abdumo‘minova. – Raqiblarimiz ham kuchli tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Ayniqsa, Rossiya hamda Belarus vakillari bizga ancha noqulaylik tug‘dirdi. Terma jamoamizni shakllantirib, 3 oy davomida tinimsiz mashg‘ulotlar o‘tkazgan murabbiylarimizga minnatdorlik bildiraman. 10 kun begona yurtda bo‘ldim. O‘tgan shu qisqa vaqt mobaynida Vatanim sog‘inchi meni qiynadi. Hech bir go‘sha kindik qonim to‘kilgan zaminga teng kelmasligini angladim. Biz qayerda qanday yuqori cho‘qqilarni zabt etmaylik, ortimizda Vatanimiz sha’ni va shu Vatanga qilgan qasamyodimiz mardonavor kurashishga undayveradi. Ayniqsa, yurtim bayrog‘ini boshim uzra baralla ko‘targan kezlarim ota-onamning mehrini his qilgandek bo‘ldim.

– Armiya qo‘l jangi yo‘nalishi bo‘yicha 70 kg. vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdim, – deydi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Husniddin Ro‘ziyev. – Final jangini qozog‘istonlik raqibim bilan o‘tkazdim. «Mezbonlarga devorlar ham yordam beradi», degan ibora bor. Raqibimni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p bo‘ldi. Aslida bunday holatlar mehmon sportchining psixologiyasiga salbiy ta’sir qiladi. Ammo murabbiylarning to‘g‘ri taktikasi va bizga bergan motivatsiyasi ruhiyatimizning tetik bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Jismoniy kuch bilan aqliy quvvatni jamlashda ham murabbiyning o‘rni beqiyos. Musobaqa jarayonida yana shuni angladimki, bizning armiyamiz biror davlatning armiyasidan kam emas va har jabhada bemalol bahslasha oladigan qudratimiz borligidan g‘ururlandim.

Sherzod ShARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti