Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan manzilli xayriya tadbirlari o‘tkazildi

0
867

Mehr-muruvvat ko‘rsatish, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olib,  ularga ko‘mak berish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardandir.

Xususan, Markaziy harbiy okrugining Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Payariq tumanidagi “Olmazor” mahallasida istiqomat qiluvchi, “Temir daftar”ga kiritilgan jami 20 dan ortiq oilalar holidan xabar olib, sahovat qo‘llarini cho‘zishdi.

Harbiy xizmatchilar mahallalarda uyma-uy yurib, ehtiyojmand oilalarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, bolajonlar uchun o‘quv qurollari hamda zarur dori-darmon vositalarini tarqatishdi.

Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari ham Kattaqo‘rg‘on shahridagi Beshqo‘rg‘on hamda Hosa MFYda istiqomat qiluvchi nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirishdi.

Harbiy libosdagi yurt o‘g‘lonlarining tashrifidan suyungan yoshu qari bugungi osuda hayotimiz, tinchligu osoyishtaligimizga shukronalar aytib, qo‘llarini duoga ochishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati