“Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi” tanlovining qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi

0
930

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi” va  “Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi xonasi” tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini o‘rganish, yetakchilarning bilim va ko‘nikmasini oshirish, faoliyati davomida erishgan natijalarini baholash, ularning o‘rtasida hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish, faol, iqtidorli hamda tashabbuskor yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilindi.

Yoshlar yetakchilari tanlov nizomida belgilangan shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Har bir ishtirokchining chiqishi hakamlar hay’ati tomonidan odilona va shaffof tarzda baholanib borildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy  natijalari bo‘yicha tanlovning mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etadigan yetakchilari aniqlab olindi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchisi kapitan Javohir Rajabov mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Buxoro viloyati Qorvulbozor tumanida joylashgan harbiy qism yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi xonasi eng yaxshi deb topildi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mayor Farruxbek Sotvoldiyev