“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida  matbuot anjumani o‘tkazildi

0
897

Bugun, 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida “Vatanparvar” tashkiloti: Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va imtiyozlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Xusan Botirov so‘zga chiqib, bugungi kunda tashkilot tomonidan aholini, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy-texnik kasb mutaxassisliklariga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda tashkilot tizimida yoshlar bilan bevosita ishlash mexanizmi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida  “Vatanparvar – mening tanlovim!”  shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”,  “Biz vatanparvarlarmiz!”,  “Mard askar yoshlarga na’muna” kabi tadbirlar muntazam  o‘tkazilib kelinmoqda.

Shuningdek, anjumanda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarni  tashkilot tizimidagi zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida va yana 10 turdagi texnik kasblarga mo‘ljallangan o‘quv kurslarida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilganligi aytib o‘tildi. Xususan, o‘tgan yilda muddatli harbiy xizmatchilarning 723 nafari ushbu kurslarda o‘qitilgan bo‘lsa, 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 1548 nafarga yetgan.

Joriy yil boshidan “Vatanparvar” tashkilot respublika yoshlari bilan ishlashning yangi tizimlarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, tashkiloti tomonidan viloyat miqyosida o‘tkazilgan sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar tizimdagi ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash kurslarida 30%, respublika musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganda esa  50% chegirma asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Anjuman yakunida spikerlar tomonidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Ro‘ziqul OMONQULOV,
O‘ZJOKU harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi