Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarning tashkil etilgan kuni nishonlandi

0
1411

Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarning tashkil etilgan kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi.

Chirchiq garnizonida o‘tkazilgan tadbirda Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan o‘g‘lonlar xotirlanib, ularning harbiy qismda tashkil etilgan Xotira xiyobonidagi monumenti poyiga gulchambar qo‘yildi.

Tadbirning tantanali qismida Mudofaa vazirining o’rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov sana munosabati bilan mudofaa vazirining harbiy xizmatchilarga yo’llagan tabrigini o’qib eshittirdi. Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar ham ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklab, yurt posbonlarining kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.

Shuningdek, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilgan Qurolli Kuchlar faxriylari, ustoz-murabbiylar hamda Mudofaa vazirligi va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muayyan yutuqlarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilar ko’krak nishonlari, qimmatbaho sovg’a va navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.

Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismda o‘tkazilgan bayram tantanalarida ham harbiy qism harbiy xizmatchilari erishayotgan yutuqlar e’tirof etilib, shaxsiy tarkib munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, harbiy qism harbiy xizmatchilari navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida harbiy orkestr jamoalari hamda xushovoz xonandalar ijrosida harbiy xizmatchilar uchun konsert daturlari namoyish etildi.

Leytenant Dilshod RO’ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti