Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgarishlar muhokama qilindi

0
922

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori Ulugʻbek Jalmenov, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi rahbari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Tadjibay Romanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi hududiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abilqosim Uteuliyev, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasiyesp mintaqaviy boʻlinmasi xodimlari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

 

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi istiqlol yillarida erishilgan barcha yutuqlarning mustahkam huquqiy negizi boʻlib xizmat qilmoqda. Ammo har qanday qonun va huquqiy-meʼyoriy hujjat oʻzgarib borayotgan zamonda talab va takliflar sabab mukammallikni, takomillashuvni talab etadi. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimiz buguni va kelajagi uchun befarq boʻlmagan fuqarolarimiz tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish boʻyicha bildirayotgan koʻplab fikrlar tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, oʻtgan bir oy davomida fuqarolarimizdan komissiyaga minglab takliflar kelib tushdi.

Shu yilning 25-iyundan 5-iyul kuniga qadar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Tadbirda soʻz olganlar tomonidan soʻnggi yillarda yurtimizda yuz bergan islohotlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati, ularning mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz huquq va erkinligining kafolatida tutgan oʻrni haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash joizki, Bosh Qomusimiz boʻlmish Konstitutsiyaning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish kiritish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, 6 ta yangi modda (prim-moddalar) bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda. Maʼruzachilar qonunlardagi oʻzgarishlarning asosiy gʻoyasi insonparvarlik tamoyillariga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli ekanligini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

Asosiy qonunimizga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar barcha sohalarni qamrab olganligi, tinch va farovon hayotimizning asosi boʻlib xizmat qilishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirishdi. Tadbir soʻngida harbiylar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan munosib javoblar olishdi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota garnizonida joylashgan harbiy qismda ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshligʻi podpolkovnik Hakim Muhiddinov, Toshkent harbiy prokuraturasi tergovchisi, adliya mayori Temur Muxitdinov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshligʻining yuridik masalalar boʻyicha yordamchisi, adliya katta leytenanti Artyom Gafarov hamda boshqa mutaxassislar oʻz maʼruzalari bilan qatnashdi. Maʼruzalar davomida bosh Qomusimizga kiritilishi koʻzda tutilgan oʻzgartirishlar mazmun-mohiyatini chuqur tahlillar asosida yigʻilganlarga yetkazib berildi.

Davra suhbati jarayonida konstitutsiyaning 1, 13, 15, 22, 24, 41-moddalariga kiritilishi koʻzda tutilayotgan oʻzgartirishlar qizgʻin muhokama qilindi. Shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar aynan 41-moddaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar xususida mutaxassislarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi. Kiritilayotgan oʻzgartirishlarda inson, uning hayoti, qadr-qimmatini ulugʻlash, dahlsiz huquq va manfaatlarini mustahkamlash kabi prinsiplarga asosiy urgʻu berilayotgani taʼkidlandi.

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligida ham “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy konun loyihasi” muhokamasi o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salixov ishtirok etdi. Suhbat jarayonida ishtirokchilarga kiritilishi kutilayotgan oʻzgarishlar, umumxalq muhokamasi hamda ayni vaqtda jarayonning borishi yuzasidan maʼlumot berildi.