Qoʻshinga qoʻshilgan yangi qonlar

0
1110

Qurolli Kuchlar, xususan, Mudofaa vazirligi tizimida ofitser kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Yurtimizdagi oliy harbiy bilim yurtlarida kreativ fikrlaydigan, ilgʻor texnologik jarayonlardan xabardor, siyosiy-harbiy bilimlarga ega hamda shaxsiy tarkib bilan ishlash koʻnikmasini oʻzida mujassam etgan zamonaviy harbiy kadrlar tayyorlanib, qoʻshinlarga yuborilmoqda. Bu, albatta, milliy armiyamiz kuchiga kuch, qudratiga qudrat qoʻshadi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi dunyoning ilgʻor davlatlari bilan harbiy hamkorlik doirasida harbiy taʼlimning turli yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash, ularni oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, yaqinda ikki ofitserimiz – podpolkovniklar Farhod Hoshimov va Xalil Abdurahmonov Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtab harbiy akademiyasining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, imtiyozli diplom bilan yurtimizga qaytib kelishdi.

Milliy xavfsizlik va davlat mudofaasi yoʻnalishi boʻyicha olib borilgan oʻquv jarayonlarida yurtimiz vakillari oʻzlarining tirishqoqligi, mehnatsevarligi, mashgʻulotlarni tez va oson oʻzlashtirishi bilan alohida ajralib turdi. Bu, albatta, bizning shaxsiy eʼtirofimiz emas. Buni quyida bilib olishingiz mumkin.

Podpolkovnik Farhod Hoshimov ikki yillik nazariy va amaliy taʼlim xususida shunday deydi:

– Oʻquv jarayonlari bevosita amaliyot bilan uzviy bogʻlangan holda olib borildi. Bu qanday boʻladi? Bunda maʼlum ziddiyatli vaziyat yuzaga keltirilib, birinchi bosqich tinglovchilari mudofaa operatsiyasida ishtirok etsa, ikkinchi bosqich tinglovchilari qarshi hujum operatsiyasida harakat olib boradi. Eng muhim jihati, mojaroni avval noharbiy metodlar bilan hal etish choralari koʻriladi. Bunda har bir tinglovchi noharbiy tashkilot va vazirliklarning maʼlum lovozimlariga shartli ravishda tayinlanib, vaziyatni ijobiy hal etish boʻyicha oʻz takliflarini beradi. Masalan, men bir oʻquv mashgʻulotida tashqi ishlar vaziri lavozimida ish olib bordim. Mashgʻulotlarda harbiylarning noharbiy tashkilot rahbarlari vazifasiga shartli tayinlanishi va qaror qabul qilishi ularning mojaro koʻlamini teranroq his etishi va kelgusidagi qurolli toʻqnashuvlarning sabab-oqibatlarini yaxshiroq anglashiga yordam beradi. Bu tajribani xizmat faoliyatim davomida torroq doirada boʻlsada, qoʻllab koʻrishni niyat qildim.

Agar shunda ham vaziyat ijobiy tomonga hal boʻlmaydigan boʻlsa, masalani ana undan keyin harbiy yoʻllar bilan yechish choralari koʻriladi. Bu endi keyingi oʻquv jarayoni hisoblanib, tinglovchilar harbiy lavozimlarga qayta tayinlanib chiqiladi. Vaziyat boʻyicha hamma oʻz qarorini qabul qilgach, ular simulyatsiya markazida umumiylashtiriladi va inson omilisiz baholanadi. Nokamtarlik boʻlsada, aytib oʻtishni joiz topdim: ana shu mashgʻulotlarda eng yuqori va muhim lavozimlar bizga, Oʻzbekistondan borgan harbiy xizmatchilarga ishonib topshirilar edi. Shunday boʻlganidan keyin biz, albatta, oʻz bilim va salohiyatimizni koʻrsatamiz.

Ikki yillik magistratura taʼlimi ham oʻz yakuniga yetyapti. Yakuniy imtihonlar boshlandi. Podpolkovnik Farhod Hoshimovga toʻrt tomoni dengiz bilan oʻralgan davlat vakillari ham qiynalib qoladigan savol-topshiriq tushdi: Dengiz operatsiyasini oʻtkazish bosqichlari, elementlarini bir-bir sanab bering. Imtihon xonasi qisqa va ogʻir sukunatga choʻmdi va… yurtdoshimiz topshiriqqa shunaqangi aniq-tiniq javob berdiki, yakuniy imtihonlarda ishtirok etayotgan Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh Shtab boshligʻining oʻrinbosari oʻrnidan turib ketayozdi. Uning birgina savoli esa shunday boʻldi:

– Oʻzbekistonda dengiz bormidi yo men adashyapmanmi?

– Bor, Orol dengizi!

* * *

Shu kuni yurtimizga Rossiya Federatsiyasining turli oliy harbiy bilim yurtlarini muvaffaqiyatli tamomlab, boshlangʻich leytenant harbiy unvoni bilan qaytib kelgan yigitlarimiz bilan ham suhbatlashdik. 2017-yili yuksak ishonch bilan kuzatib qoʻyilgan 14 nafar kursantlarimizning 4 nafari qizil diplom, 3 nafari oltin medal bilan harbiy taʼlimni yakunlab, yorugʻ yuz ila Vatanga qaytishdi.

Leytenant Abbosbek Meliyev Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti (oʻsha paytdagi Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti)ga oʻqishga kiradi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, Rossiya Federatsiyasi Chelyabnsk shahridagi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining havo harakatlarini boshqarish va havo kemalarini eksplotatsiya qilish yoʻnalishiga oʻqishga yuboriladi. U tahsil olgan bilim yurtining joriy yilgi 190 nafar bitiruvchi kursantlar ichidan atigi 2 nafari oltin medal olishga sazovor boʻladi. Ularning biri leytenant Meliyev ekanligi esa har birimizga gʻurur bagʻishlaydi.

– Taʼlim jarayoni anchayin qizgʻin kechdi, – deydi Abbosbek Meliyev. – Oʻquvlar amaliyot bilan uzviy tarzda olib borildi. Davlatimiz, qolaversa, Mudofaa vazirligi bizga mana shunday imkoniyatlar yaratib berganidan minnatdormiz. Endi barcha olgan bilimlarimizni shu Vatan, shu yurt sarhadlarini himoya qilishga safarbar etamiz. Bu bizning ham farz, ham qarzimizdir.

Ha, harbiy magistr va bu yosh leytentlar zamonaviy bilimlar, boy tajriba hamda yangicha qarashlar bilan yurtimizga qaytib keldi. Ular shubhasiz, Qurolli Kuchlarimizga yangi qon boʻlib qoʻshiladi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti