Qo‘mondon Al-Xorazmiy avlodlari bilan uchrashdi  

0
1013

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Xorazm viloyatining Shovot tumanida joylashgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internatining iqtidorli o‘quvchilari bilan uchrashdi.

“Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvida ertamiz egalari qo‘mondondan milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuq va marralar haqida batafsil ma’lumot olishdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida qo‘mondon yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning orzusi, maqsadi, osmondagi yulduzi bo‘lishi kerakligini, unga erishish uchun o‘qib-izlanib, mehnat qilish zarurligini uqtirdi, pandu-nasihatlar berdi. Ulkan maqsadlarga erishishning oddiy sirlari haqida o‘rtoqlashdi va yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar va maktab jamoasi harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliq hamda badiiy adabiyotlar to‘plamlari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, mehmonlar maktabda o‘quvchilarning sifatli va jahon standartlariga mos tarzda ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Urganch garnizoni harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari o‘quvchilarga olam-olam zavq ulashdi.  

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati