Joylarda “Mening konstitutsiyam” mavzusida ochiq muloqotlar oʻtkazilmoqda

0
765

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga bagʻishlangan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salixov, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda garnizondagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ishtirok etishdi.

Ochiq muloqotda qoʻmita raisi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga start berilganini taʼkidlab, keyingi yillarda sohada yuz bergan oʻzgarish va yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritdi.

Qayd etildiki, loyihada bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish kiritish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlarining Fargʻona, Andijon va Namangan garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari bilan ham shu mavzuda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va uning oʻrinbosarlari, harbiy prokuratura hamda viloyat adliya boshqarmalari xodimlari ishtirokida davra suhbatlari boʻlib oʻtdi.