Nukus tumanida yoshlar festivali oʻtkazildi

0
858

“30-iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan bayram tarovatini eng olis qishloq va mahallalarga tarqatish, “Xalqimiz va armiyamiz bir tanu bir jon” degan ezgu gʻoyaning amaliy ifodasini namoyish etish, vatandoshlarimizga bir olam quvonch va baxtli onlarni ulashish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Nukus tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida ertalab tuman markazidan boshlangan “Sogʻlom turmush uchun 5000 ming qadam” salomatlik aksiyasi yoshu qarini birlashtirib, sogʻlom turmush tarzini tuman miqyosida targʻib etishga xizmat qildi.

Tuman hokimligi binosi oldidagi ochiq maydonda tashkil etilgan bayram konserti hech bir yurtdoshimizni beeʼtibor qoldirmadi. Garnizon Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining taniqli hamda umidli sanʼatkorlari tomonidan Vatanimizni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar, joʻshqin navolar festival ishtirokchilari qalbini xushnud etdi.

Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qoʻl jangi va saf elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlar yurtdoshlarimiz tomonidan yuksak baholandi.

Tadbir davomida “30-iyun – Yoshlar kuni” munosabati tuman hokimligi tomonidan oʻtkazilgan sport oʻyinlarining gʻolib va sovrindorlariga esdalik sovgʻalar, faxriy yorliq va minnatdorchilik xatlari topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati