Samarqandda “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” musobaqalarining viloyat bosqichi yakunlandi

0
763

Mamlakatimiz bo‘ylab mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilayotgan “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” musobaqalarining Samarqand viloyati bosqichi yakunlandi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, viloyat Sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada jami 14 ta tuman va 2 ta shahardan 110 nafar yoshlar ishtirok etishdi.

Ta’kidlash kerakki, daslab viloyatdagi mavjud mahallalar va tuman, shahar yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda kuragi yerga tegmagan polvonlar viloyatning yakunlovchi bosqichida yanada kuchli raqiblarga duch kelishdi.

Xususan, milliy kurash bo‘yicha 60, 66, 73 va +81 kilogram vazn toifasidagi sportchilar gilamga tushgan bo‘lsa, tosh ko‘tarishda 60, 65, 70, +75 kilogram vazn toifasidagi polvonlar birinchilikni egallashga harakat qilishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, faxriy yorliq, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bellashuvlarning mutlaq g‘oliblari mudofaa vaziri kubogi uchun kechadigan “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” musobaqalarining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati