Qurolli Kuchlar akademiyasida navbatdagi bitiruv marosimi bo‘lib o‘tmoqda

0
1321

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy taʼlim dargohining va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bitiruvchilari saflarga kuzatildi.

Ushbu tantanali marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Shuxrat Xolmuhamedov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilariga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun oʻz minnatdorligini izhor qildilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari bayramona tadbirga koʻtarinki ruh baxsh etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti