“Shon-sharaf” muzeyida Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni hamda “Vatanparvar” gazetasining 30 yilligi nishonlandi

0
817

Bugun, 24-iyun kuni “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyi majlislar zalida “Vatanparvar” gazetasining 30 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmalari vakillari, harbiy matbuot faxriylari, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tantanali tadbir avvalida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev mudofaa vazirining harbiy matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini o‘qib eshittirdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda harbiy matbuot, harbiy jurnalistikaning shakllanishi 1992 yil “Vatanparvar” gazetasining chop etilishi, 1994 yildan esa “O‘zbekiston” televideniyesida “Vatanimga xizmat qilaman!” nomli ko‘rsatuvning efirga uzatilishi bilan boshlangan. 2019 yil 8 aprelda esa Qurolli Kuchlar Media markazi va “Vatanparvar” birlashgan tahririyati shtat birliklari negizida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, barcha harbiy okruglarda matbuot xizmatlari tashkil etilgan. Bugungi kunda Departament jamoasi tomonidan vazirlikning rasmiy “mudofaa.uz” sayti, “Vatanparvar” gazetasi, “Vatanparvar” gazetasining “mv-vatanparvar.uz” sayti, “O‘zbekiston armiyasi” jurnali, shuningdek “Vatanparvar”, “Armiya sporti”, “O‘zbekiston armiyasi” ko‘rsatuvlari orqali mamlakatimizning mudofaa siyosati yo‘nalishida ma’lumotlar berib kelmoqda.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti shaxsiy tarkibi, shu jumladan, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati ijodiy jamoasining mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish, qo‘shinlar faoliyatini, harbiy sohada kechayotgan islohot va o‘zgarishlarni keng targ‘ib qilish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fidoyilarcha xizmat qilib kelayotgani e’tirof etildi.

Tantanali tadbirda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda “Vatanparvar” gazetasining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh soha vakillari O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘i bilan “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, hamkor tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari rahbarlari tomonidan “Vatanparvar” birlashgan tahririyati ijodiy jamoasiga ko‘krak nishonlari, esdalik va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tantanali tadbirga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan bayramona kayfiyatda yakun yasaldi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti