Mudofaa vaziri kubogi: yoshlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida bellashdi

0
723

Nukus shahridagi “Kurash markazi” sport majmuasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari oʻrtasida “Men gʻolib” shiori ostida mudofaa vaziri kubogi uchun “Milliy kurash va tosh koʻtarish” sporti boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi.

Ajdodlardan meros boʻlib qolgan milliy sport oʻyinlarini oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillari orqali saqlab qolish, ularni ommalashtirish va rivojlantirish bugun davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, milliy oʻzlikni anglash, oʻtmishimizni qadrlash, tariximizni asrash har birimiz oldimizda turgan muhim vazifa hisoblanadi.

Voyaga yetayotgan yosh avlodni milliy sport turlariga qiziqtirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, milliy sport turlarini ommalashtirish hamda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan musobaqa qoraqalpogʻistonlik yoshlarda katta qiziqish bilan kutib olindi.

Taʼkidlash joizki, “Yoshlar oyligi” munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida “Men gʻolib!” shiori ostida “Milliy kurash va tosh koʻtarish” sport turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalari uchun bahslar shu yilning 25-may kunidan start oldi. Musobaqaning mahalla bosqichi 25-may – 12-iyungacha, 13-19-iyun kunlari tuman va shaharlar miqyosida, 20-25-iyun kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichlari hamda “30-iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan 27-29-iyun kunlari respublika bosqichi oʻtkaziladi.

Musobaqa ishtirokchilarini qutlaganlar milliy sportimizning yoshlar tarbiyasida, ularning kamolotida tutgan oʻrnini taʼkidlab, bugun davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtishini tashkil etish, ularni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan eʼtiborni alohida eʼtirof etishdi.

Toʻrtta vazn toifasida 100 nafarga yaqin ishtirok etgan qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻzgacha shijoat, matonat va halol kurashni namoyish etdi. Ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan milliy sport oʻyinlarining koʻrki aynan mana shunday musobaqalarda namoyon boʻlishini isbotlashdi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Musobaqada faxrli birinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlar endilikda final bahslariga yoʻllanmani qoʻlga kiritib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sharafini himoya qilishadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati