Samarqandda 4 kunlik yoshlar festivali boʻlib oʻtmoqda

0
717

Yoshlar oyligi munosabati bilan Samarqand viloyati tuman va shaharlarida qariyb bir oydan buyon “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan yoshlar festivalining asosiy tadbirlari qadimiy va navqiron Samarqand shahrida boshlandi.

Tadbirlar Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy haykallari poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Marosimlarda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida sektor rahbarlari, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat faollari va keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Toʻrt kun davom etadigan festival dasturiga koʻra, bugun “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Street workout” hamda “Streetbol” musobaqalarining respublika final bosqichi oʻtkazilmoqda. Kechki dasturlarda viloyat sektor rahbarlari ishtirokida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Festivalning birinchi kunida turli koʻrik tanlovlar va sport musobaqlari hamda harbiy vatanparvalik festivallari oʻtkazildi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatrida tashkil etilgan gala-konsert dasturida harbiy orkestr jamoalari, viloyat va respublikaning taniqli sanʼatkorlarning ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

24-25-iyun kunlari “Hokim va yoshlar”, “Qoʻmondon va yoshlar”, “Uch avlod uchrashuvi” hamda taniqli ijodkorlar ishtirokida ijodiy suhbatlar, sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, harbiy vatanparvarlik festivallarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Festivalning toʻrtinchi kuni Samarqand shahrida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostidagi “Yangi nafas” yugurish marafoni oʻtkaziladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati