Nukus garnizonida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

0
812

Nukus garnizoni Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXBB bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilish maqsadida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Unda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan avtokarvon orqali ehtiyotkorsizlik tufayli yo‘l-transport hodisasiga uchragan avtoulovlar namoyish etilib, mudhish oqibatlari aytib o‘tildi.

Darhaqiqat, profilaktik karvonning maqsadi aholining yo‘lda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qoidalarini buzilishi profilaktikasi tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq bilimlarini oshirish, ularda xavfsiz va qonunga itoat qilish xulq-atvori ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan mavzu yuzasidan atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarga sohaga oid qonunchilikda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalar haqida ham ma’lumotlar yetkazildi.

Tadbir davomida soha xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga ko‘rgazmali vositalar, flayer va bukletlar tarqatildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati