Kichik mutaxassislarga sertifikatlar topshirildi

0
1247

Yurtimizda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan kichik mutaxassislar uchun qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent harbiy okrug qoʻmondonligida ham kichik mutaxassislarni qayta tayyorlash uchun okrug tasarrufidagi “Markaz” desantchilarni tayyorlash bazasida ham 10 kunlik majmuaviy oʻquv kurslari tashkil etilgan.

Kuni kecha navbatdagi majmuaviy o‘quv kursini Chirchiq garnizonidagi harbiy qismlardan kelgan 24 nafar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi tamomlab, o‘zlarining bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlashga erishdi.

Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan kichik mutaxassislar uchun bunday oʻquv kurslar Mudofaa vazirligi tizimida 20 ga yaqin bo‘lib, bu harbiy xizmatchilarga oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishiga katta yordam berishi shubhasiz.

Tadbirda Toshkent harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni bevosita ishtirok etib, majmuaviy oʻquv kursini tamomlagan navbatdagi tinglovchilarga tantanali ravishda sertifikatlarni topshirdi.

Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar uchun konsert dasturi namoyish etildi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati