Qahramon ayol bilan uchrashuv

0
1404

Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning sog‘lom turmushini ta’minlash borasida ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tashkilotu muassasa, mahalla-ko‘y, yosh avlod vakillari tomonidan doimiy ravishda ularning holidan xabar olinib, ko‘ngil so‘ralmoqda. Mavjud muammolari, agar bo‘lsa,  joyida o‘rganilib, hal etilmoqda. 

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Farg‘ona shahrida joylashgan harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ham an’analarga sodiq qolgan holda nuroniy otaxon va onaxonlar holidan xabar olib, ularni tez-tez yo‘qlab turibdi.

Kecha, 15-oktabr kuni bir guruh harbiy xizmatchilar Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murodova xonadonida bo‘ldi. 

Lolaxon Murodova bugungi kunimizning qahramonlari bo‘lgan opa-singillarimizning yorqin namoyondasi sifatida o‘zining ibratli faoliyati va yuksak insoniy fazilatlari bilan ko‘pchilikning chuqur hurmatini qozongan. Oddiy o‘zbek ayollari orasidan yetishib chiqqan zahmatkash fermer bugun tom ma’noda mardlik va matonat timsoliga aylangan. U butun umrini ona zaminga, dehqonchilikka bag‘ishlab, yuksak natijalarga erishmoqda. Opa rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi respublikamizdagi eng ilg‘or xo‘jaliklardan biri hisoblanadi.

Ana shunday jasorat timsoli bo‘lgan mehnatkash ayol bilan suhbat dala shiyponida, bir piyola choy ustida davom etdi.

– Boshimizdan qancha qiyinchiliklar o‘tdi, – deydi Lola opa Murodova suhbatimiz avvalida o‘tmishni eslab. – Sabr qilsang, g‘o‘radan holva bitar, deganlaridek barchasini sabr bilan yengib o‘tdik. O‘sha paytlarda ayollarga ko‘plab to‘siqlar bor edi. “Ey-y, ayol kishi ham qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadimi!”, deguvchilar ham topilgan. Qumlar orasida tortgan azoblarimizni bugungi tinch va osuda, ayollar, umuman olganda qishloq xo‘jaligiga katta e’tibor qaratilayotgan mamlakatimizda rohatini ko‘ryapmiz.  Shu kunga qadar otamning ishini davom ettirib kelayotganimdan faxrlanaman.

Harbiy xizmatchilar opaning suhbatlaridan zavqlanib, onalarni ulug‘lovchi she’rlardan o‘qib berishdi. Mushoira davraga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Oddiy dehqon ayolning bosib o‘tgan hayot yo‘li, yer bilan tillasha olishi uni millat qahramoni darajasiga ko‘tardi. Hayotning go‘zalligi, dasturxonimizning to‘kin-sochinligi, yurt farovonligi Lolaxon Murodova kabi Vatanga sadoqat bilan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizning halol mehnatlari samarasi ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldik.

Mayor Farruxbek Sotvoldiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.