TIL – MILLAT TAFAKKURINING IN’IKOSI  

0
628

Hali yurtimiz va xalqimiz to‘la mustaqil bo‘lmagan murakkab sharoitda – 1989-yilning 21-oktabrida “Davlat tili haqida”gi, 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bir asr o‘zligidan ayrilgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.

 Bunday katta ma’naviy jasorat esa xalqimiz hayotidagi yangi milliy uyg‘onish davriga keng yo‘l ochdi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilab, mustahkamlab qo‘yildi. Natijada o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Buning qimmatini o‘sha davrda o‘z ona tilida so‘zlasha olmagan, tili etim avlod yaxshi biladi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda ona tilimizni tiklash, uning davlat tili sifatida hayotimizdagi o‘rni, ahamiyati va ta’sirini kuchaytirish yo‘lida ulkan ezgu ishlar amalga oshirildi. Ammo bu jarayon ham cho‘zilib ketdi. Dunyodagi 200 davlat tili maqomiga erishgan tillar orasida o‘zbek tilining borligi har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, tilimiz sofligini saqlashda zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi.

Yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalash esa biz pedagoglar, qolaversa, keng jamoatchilikning vazifasi, burchi hisoblanadi. Boisi til – davlat timsoli, mulki. “Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd bo‘lsa ham tilning sofligiga putur yetadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushadi. Shu ma’noda har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat tilida so‘zlay olish va hurmat qilish, uning qonun-qoidalariga rioya etishi shart”, – deya Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev alohida urg‘u berib, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratdilar va albatta natijalarini barchamiz ko‘rib, hattoki jarayon ishtirokchisi bo‘lib turibmiz.

Ma’rifatparvar va zabardast adibimiz Abdulla Avloniy: «Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur» – degan aniq va teran fikrlarni bayon etganda naqadar haq edi. Til – millat ruhi, xalqning milliy-ma’naviy qiyofasi. Bu qiyofani doim parvarishlash, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uning kelajak avlodlar uchun ham bardavomligini ta’minlaydi va dunyoga namoyon etadi. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi. Ona tilimiz kelajak avlod uchun ona kabi muqaddas, Vatan kabi ardoqli bo‘lib qolaveradi. Zotan, ona tilini asragan xalq o‘z qalbini, tarixini, buguni va kelajagini asraydi.

Dilnavoz XOLIQOVA,

Quroolli Kuchlar akademiyasi dotsenti,

 f.f.n., dots.