Milliy kurash va tosh koʻtarish musobaqalarining qoʻmondonlik bosqichi oʻtkazildi

0
1059

Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlaridan birida sportning tosh koʻtarish va milliy kurash turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi bahslarining qoʻmondonlik bosqichi oʻtkazildi.

Mazkur musobaqalarni o‘tkazishdan maqsad — harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishni tizimli yoʻlga qoʻyish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni zararli odatlardan asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport faoliyatini samarali tashkil etish.

Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarning birinchi kunida ishtirokchilar milliy kurash boʻyicha 60 kg, 66 kg, 73 kg, 81 kg, 90 kg, 100 kg hamda +100 kg vazn toifalarida bellashgan boʻlsa, keyingi kun bahslarida tosh koʻtarish boʻyicha 60 kg, 65 kg, 70 kg, 75 kg, 80 kg, 85 kg, 90 kg va + 90 kg vaznlarda oʻzaro kuch sinashdi.

Har bir ishtirokchining chiqishi soha mutaxassislari va hakamlar hayʼati tomonidan odilona baholanib, gʻoliblar aniqlandi. Bellashuvlar yakunida gʻolib va sovrindorlarga Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qoʻshinlari qoʻmondonining tashakkurnomasi, medal va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Ta’kidlash kerakki, harbiy xizmatchilar bilan bir safda bellashib, gʻolib boʻlgan sportchilar orasida mahalla yoshlarining ham borligi quvonarli hol. Gʻolib harbiy xizmatchilar va mahalla yoshlaridan iborat ishtirokchilardan qoʻmondonlik terma jamoasi shakllantirilib, tanlovning navbatdagi — Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkaziladigan bosqichiga tayyorgarlik jarayonlari oʻquv-yigʻin shaklida qizgʻin davom etadi.

Bu kabi sport tadbirlari yoshlarimizni jismonan baquvvat va maʼnan barkamol etib tarbiyalash bilan birga, mamlakatimizning barcha soha va tarmoqlari uchun mard, fidoyi va sadoqatli kadrlar zahirasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti