Baxmal ahlini bir yerga jamlagan harbiy vatanparvarlik festivali

0
1017

Jizzax viloyatining togʻli hududi, yaʻni Turkiston toʻg tizmalari etagida joylashgan Baxmal tumanida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida minglab yoshlarni bir yerga jamlagan “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi hamda harbiy vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Uchrashuv davomida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov yoshlarga oʻzining oʻquvchilik davridan tortib bugunga qadar bosib oʻtgan hayot yoʻli haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, sharafli kasb egasi boʻlish istagini bildirgan yoshlar uchun harbiy xizmatga borish va harbiy xizmatni oʻtash tartibi hamda oliy harbiy bilim yurtlarida tahsil olish boʻyicha maʻlumotlar berib oʻtdi.

Shundan soʻng, sport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hamda tadbirlarda oʻz qobiliyatini namoyon etib, faol ishtirok etgan bir guruh tuman yoshlarga harbiy okrug qoʻmondonligi va tuman hokimligi tomonidan diplom, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Uchrashuvdan soʻng, konsert dasturlariga navbat berildi. Harbiy orkestr jamoasining shukuhli kuy-qoʻshiqlari va harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari barchani birdek xushnud etgan boʻlsa, Respublika targʻibot guruhining taniqli sanatkorlari tashrifi esa tuman ahliga bayramona kayfiyat ulashdi.

Keng maydonda Vatan himoyachilari tomonidan tashkil etilgan qurol-aslaha va harbiy anjomlar koʻrgazmasi baxmallik yoshlarda harbiylikka havas hissini oshirgani shubhasiz.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati