Italiyalik tarixchi olimlar “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

0
818

Bugun, 17-iyun kuni yurtimizga kelgan Italiyaning Karrara shahri veteranlar Kengashi kotibiyati xodimi, tarix fanlari doktori Marta Tonjiani va madaniyatshunos tarixchi Federika Vinyale poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida boʻlib, ushbu maskan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng, majmua huzuridagi “Shon-sharaf ” davlat muzeyining kichik majlislar zalida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi maʼmuriyati ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Marta Tonjiani tomonidan 2019-yil Italiyada “Qalbning talabiga binoan” deb nomlanuvchi Apuan qarshilik harakati va sovet partizanlariga bagʻishlangan kitobi italyan tilida chop etilgan. Ushbu kitobda Italiyadagi Qarshilik koʻrsatish harakatida (Garibaldi partizan otryadida) ishtirok etgan yurtdoshlarimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari andijonlik Ahmadjon Mamajonov hamda Turgʻun Qoʻchqorov haqida salmoqli maʼlumotlar mavjud. Bugungi kunda mazkur kitob Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan oʻzbek va rus tillariga tarjima qilingan hamda Andijon viloyati hokimiyati tomonidan chop etilishi rejalashtirilgan.

Shu kuni Marta Tonjiani xonimning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari — vatandoshlarimiz Ahmadjon Mamajonov va Turgʻun Qoʻchqorov xotirasini abadiylashtirish hamda jahon manbalarida keng yoritishda koʻrsatgan mehnatlari yuqori baholanib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Federika Vinyaleni xonimga esa esdalik nishoni topshirildi. Bundan tashqari, mehmonlarga oʻzbek milliy kiyimlari ham tuhfa qilindi.

 

– Men bugun judayam hayajondaman, jannatmakon Oʻzbekistonga boʻlgan sayohatim kutilmagan quvonchli lahzalarga boy boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga kirar ekanman, oʻzimni xuddi tarixga sayohat qilgandek his etdim. Vatan tinchligini dushmandan himoya qilgan buyuk ajdodlarga boʻlgan yuksak ehtirom ramzi boʻlmish ushbu maskanning bunyod etilganligi, Oʻzbekiston xalqining naqadar fidoyi, oʻz tarixi va ajdodlariga boʻlgan cheksiz mehr va muhabbatining amaliy isbotidir. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, qolaversa, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga Italiya xalqi nomidan chuqur minnatdorchilik bildiramiz, – deydi Marta Tonjiani.

Mazkur tanishuvdan soʻng italiyalik mehmonlar Ahmadjon Mamajonov va Turgʻun Qoʻchqorov tugʻilib oʻsgan Andijon viloyati hamda Samarqand shahri boʻylab sayohatga yoʻl olishdi.

Nargiza Safarova, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati