“VATANPARVAR” TASHKILOTI: yangicha tizim, yangicha tashabbuslar

0
678

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 25-dekabr kuni respublikamiz yoshlariga yoʻllagan murojaatida mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti haqida jumladan shunday degan: “Bir paytlar «Vatanparvar” tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur boʻladigan musobaqa va sport oʻyinlarini tashkil etardi, ularni texnik kasblarga oʻrgatardi. Shu sababli, yigit-qizlarimiz oʻrtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda uning faoliyati susayib ketdi. Tashkilotning avvalgi nufuzini tiklashimiz zarur».

Xoʻsh, katta potensial kuch va imkoniyatlarga ega tashkilot oʻtgan vaqt ichida qanchalik oʻzgara oldi? “Vatanparvar” oʻz oldiga qoʻygan marralarga erisha olyaptimi? Yangi rahbar – polkovnik Husan Botirov boshchiligidagi jamoa qanday ishlar bilan band? Quyida shular haqida fikr yuritamiz.

Qamrov koʻlami qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy maʼnaviyatimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bu yoʻnalishda tashkilot nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, balki respublikamizning barcha tegishli muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

“Vatanparvar” tashkiloti yoshlarni avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan oʻq otish, dengiz koʻpkurashi, harbiy amaliy koʻpkurash, xizmatchi itlar, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish ishlariga bosh-qosh boʻlib kelayotir. Hozirda tashkilot 9 mingga yaqin sportga qiziquvchan yoshlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, uning tasarrufida parashyut sporti boʻyicha jami 7 ta sport seksiyalari mavjud boʻlib, ularda 117 nafar sportchi shugʻullanadi. 2021-yil boshidan hozirga qadar sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha 30 ta respublika musobaqalari oʻtkazildi. Har yili respublika darajasidagi 50 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etiladi. “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning toʻla huquqli doimiy aʼzosi hisoblanadi.

Davlat dasturi bajarilyaptimi?

Respublika miqyosida tashkilot tasarrufidagi 211 ta oʻquv sport-texnika klubining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida bir yilda oʻrtacha 120 – 130 ming nafar fuqaro oʻqitiladi. Bundan tashqari, joriy yilda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yana 10 xil kasblarga oʻqitishni taʼminlash boʻyicha masʼuliyatli vazifa yuklatildi.

Davlat dasturida ushbu mexanizm 3-bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan:

1-bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida “V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari boʻyicha oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilishi;

 2-bosqichda avgust oyidan boshlab texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari tashkil etilib, unda yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitilishi;

 3-bosqichda dekabr oyidan boshlab murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari yoʻlga qoʻyilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidropodyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish boʻyicha mutaxassislarni oʻqitish belgilangan.

Yuqoridagi vazifalarni barvaqt va sifatli bajarish maqsadida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan respublikamiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni oʻz tasarrufidagi oʻquv muassasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga oʻqitishning yangi mexanizmlarini joriy etdi.

  Respublika miqyosida birinchi bosqich boʻyicha oʻqish aprelda, ikkinchi bosqich oʻqishi iyun oyida yoʻlga qoʻyildi. Uchinchi bosqich, yaʼni murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari dekabr oyida boshlanishi belgilanganiga qaramay, talab yuqoriligi sabab u joriy yilning sentyabr oyidan yoʻlga qoʻyildi.

Raqamlar nima deydi?

Ahamiyatli jihati shundaki, “Vatanparvar” tashkiloti ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratib, Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlarining ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida oʻqishini yoʻlga qoʻydi.

Hozirga qadar 13 735 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurs­larida oʻqishga jalb etilgan boʻlib, ulardan 8 052 nafari oʻquv kurslarini tamomlab, haydovchilik guvohnomalarini qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, 1 732 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi “Texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da imtiyoz asosida vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik kasblariga tayyorlanmoqda.

Yoshlarning ishonchi ortyapti

Eʼtiborlisi, “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi ommaviy texnik kasblarga oʻqitilayotgan ehtiyoj­mand yoshlar uchun “Tadbirkorlik asoslari”, “Yoshlar oʻrtasida inqiroz holatini yengib oʻtish psixologiyasi”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning oʻrni” mavzularida muntazam ravishda seminar-treninglar oʻtkazib kelinmoqda. Mashgʻulotlarga olimlar, tajribali amaliyotchi pedagoglar va tadbirkorlik sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar jalb etil­yapti. Bunday yangicha tizim ehtiyojmand yoshlarning oʻzlariga boʻlgan ishonchi ortishi, bilim va malakaga ega boʻlishi va hayotda oʻz oʻrinlarini topishlari uchun ragʻbat sifatida xizmat qilishi muqarrar.

Ommaviy texnik kasblarga tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi pnevmatik quroldan oʻq otish, duatlon, yozgi biatlon kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib borilmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida ular oʻrtasida ushbu sport turlari boʻyicha respublikamiz boʻylab tuman, viloyat bosqich musobaqalari tashkil etilib, saralangan yosh havaskor sportchilar oʻrtasida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun respublika musobaqasi tashkil etildi.

Xizmat qil, hunarli boʻl!

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika yoshlarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish boʻyicha navbatdagi yangi tizimni ham joriy etdi. Tashkilot Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qoʻmondonligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

  Unga koʻra, endilikda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlar ixtiyoriy ravishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida “A”, “B”, “BC”, “C”, “D”, “E” toifalari boʻyicha va yana beshta mutaxassislik, yaʼni vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, chilangar, avtoelektrik tayyorlashga ixtisoslashtirilgan texnik xizmat koʻrsatish kurslarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.

Aytish joiz, ushbu yangilik mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan iliq kutib olindi. Joriy etilgan ushbu yangicha tizimning ahamiyati shundaki, yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganidan soʻng, ular nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etgan boʻladi, shu bilan birga, “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv kurslarida egallagan kasb-hunarlari bilan oʻz uylariga qaytadi.

Muxtasar aytganda, “Vatanparvar” tashkiloti oʻz faoliyati davomida aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlashda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etib kelmoqda.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti