Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda eng ilgʻor yoshlar yetakchilari aniqlandi

0
1073

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Eng ilgʻor boshlangʻich tashkilot yetakchisi” hamda “Eng yaxshi boshlangʻich tashkilot yetakchisi xonasi” tanlovlarining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari miqyosidagi ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Harbiy okrugda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilotlari faoliyatlarini muvofiqlashtirish, tanlovga tayyorgarlik jarayonlarini oʻrganish hamda boshlangʻich tashkilotlar yetakchilariga amaliy yordam berish maqsadida dastlab harbiy okrug maʼsul ofitserlari tomonidan nazorat tekshiruvi amalga oshirildi.

Tekshiruv davomida boshlangʻich tashkilot xonalarining jihozlanishi, yetakchi va sardorlar nizom asosida saylangani, hujjatlar tartibli saqlangani va yuritilgani, harbiy qism yoshlarining muammo va takliflari rahbariyatga olib chiqilayotgani va ular boʻyicha ijobiy qarorlar qabul qilinayotgani nazoratdan oʻtkazildi.

Shundan soʻng barcha ishtirokchilar Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga tashrif buyurib, tanlov doirasida oʻquv seminarida ishtirok etdi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining faol aʼzolari tomonidan boshlangʻich tashkilot, yetakchi va sardorlar faoliyati toʻgʻrisida mashgʻulot tashkil etildi.

Tanlov davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari uch shart boʻyicha – test savollariga javob berish, yetakchining amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari, innovatsion qarashlari boʻyicha taqdimoti hamda amalga oshirgan ishlari yuzasidan videorolik namoyishi boʻyicha oʻzoro bellashdilar.

Olti nafar yetakchining faoliyati hakamlar hayʼati tomonidan odilona baholab borildi.

Tanlov gʻoliblariga okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasining diplomi hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati